Namanganda ikki oy davomida 41 ta yangi BPT ochildi

14.06.2019, 10:36

 Namanganda ikki oy davomida 41 ta yangi BPT ochildi

O‘zLiDeP  Namangan viloyat Kengashi tomonidan 2019 yil 15 martdan 1 iyungacha viloyat tashkilotining barcha boshlang‘ich tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazildi.

Yig‘ilishlar davomida o‘tgan bir yil ichida amalga oshirilgan ishlar partiya a’zolari tomonidan chuqur tahlil etilib, yechimini kutib qolgan muammolarni ijobiy hal etish, tashkiliy-partiyaviy ishlarni yaxshilash, BPTlar ish samaradorligini oshirish, ularning to‘laqonli va davr talablari darajasida faoliyat olib borishlari uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish zarurligi xususida hisobot-saylov yig‘ilishlari chog‘ida batafsil va ochiq-oydin so‘z yuritildi.

 Yig‘ilishlarda hisobotdan tashqari  kun tartibiga kiritilgan boshlang‘ich partiya tashkilotlarda Kengash a’zolarin, BPT raisi va uning o‘rinbosarini saylash, BPTning 2019 yilga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlash, partiya a’zoligiga qabul qilish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Joriy yildagi hisobot-saylov yig‘ilishlari, ayniqsa, Namangan shahridagi “Bog‘” MFY, “Ideal Tekstil - Orzu”  korxonasi,  “BIRUZA GROUP” MChJ va Namangan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qoshidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti, Chust tumanidagi “Pansada” MFY va “Dilfuza Ulug‘bayeva” XK, Norin  tumanidagi “Tomorqa yer egalari va fermerlar Kengashi” va “Norin tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati” singari korxona, tashkilot va mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan BPTlarida ko‘tarinki ruhda va uyushqoqlik bilan o‘tkazilib, quyi bo‘g‘inlar zimmasidagi yangi vazifalar belgilab olindi.

- O‘tgan yig‘ilishlarda hisobda turgan 35908 nafar partiya a’zosidan 27960 nafari qatnashdi, bu jami partiya a’zolarining 78% foizini tashkil qiladi, - deydi O‘zLiDeP viloyat Kengashi apparat rahbari vazifasini bajaruvchi Abdulahad Alimbayev. – Mazkur hisobot-saylov yig‘ilishlari kompaniyasi davomida BPTlar atroflicha  o‘rganib chiqilib, 41 ta yangi boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzildi. O‘tkazilgan hisobot-saylov yig‘ilishlarida 740 ga yaqin BPT raislari faoliyati qoniqarli deb topilib, ularga qayta ishonch bildirilildi.

Partiyaning belgilab bergan vazifalarini sidqidildan bajarmagan, bironta bir tashabbus ko‘rsata olmagan 200 ga yaqin BPT raislari esa o‘z vazifasidan ozod etilib, ushbu quyi bo‘g‘inlarga shijoatli, talabchan yangi rahbarlar saylandi.    

Ta’kidlash kerakki, o‘tkazilgan hisobot-saylov jarayonlarining 400 dan ortig‘ida mahalliy Kengash deputatlari ham faol qatnashdilar. Yig‘ilishlar yakunida viloyat partiya tashkilotida boshlang‘ich tashkilotlar soni 978 taga yetdi. 92 ta quyi bo‘g‘in faoliyati qayta tiklandi. Partiya a’zolari 30 tadan ortiq bo‘lgan 6 ta boshlang‘ich partiya tashkilotida Kengashlar tuzildi.

Partiya a’zolari yangi saylangan barcha BPT raislariga kelgusida partiya g‘oyalarini xalq orasida targ‘ibot qilish, tadbirkorlar va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga, kam ta’minlangan oilalarga doimo yordam berish, fahriylar, yolg‘iz keksa va nafaqaxo‘rlar bilan muloqotda bo‘lish, yoshlarning ma’naviy va ma’rifiy bilimlarini mustahkamlash, yoshlar va ayollarni ish bilan band qilish, deputatlarning faolligini oshirish  kabi masalalarga e’tibor berishni va bu ishlarni amalga oshirishda partiya a’zolarini ko‘proq jalb etishni ta’kidladilar.

Erkin AHMEDHODJAYEV,

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi

BPT bilan ishlash guruh rahbari

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    274
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+