Turizmning rivojlanishida yangi tarixiy qadam qo‘yildi

21.08.2019, 17:14

Turizmning rivojlanishida yangi tarixiy qadam qo‘yildi

Turizm - mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sanaladi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yullagan Murojaatnomasida 2025 yilda yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini 7 million nafarga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi kuyilgan edi.  

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturiga muvofiq Turizmning yangi turlarini rivojlantirish va mavsumiylik omili ta’sirini kamaytirish maqsadida ishbilarmonlik turizmini («MICE») rivojlantirish, uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlardan keladigan turistlar sonini yanada oshirish, ularning mamlakat ichida erkin harakatlanishini ta’minlash maqsadida aviatransport tizimini yanada takomillashtirish, mashhur xalqaro brendlar asosida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar filiallarini O‘zbekistonda ochish choralarini ko‘rish vazifalari belgilangan.

Joriy yilning o‘tgan olti oyi  mobaynida yurtiimizga 3 million nafardan ortiq  sayyohlar tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 2,3 mln. nafarni tashkil etgan bo‘lib, 31 foizga oshdi.

Natijada turistik xizmatlar eksporti 33,2 foizga oshib, 602,4 mln. AQSh dollarni tashkil etdi. Ahamiyatli tomoni shundaki, uzoq xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan sayyohlar soni qo‘shni va boshqa MDH mamlakatlaridan keluvchilarga qaraganda ko‘proqni tashkil etmoqda.

Tadbirkorlar tomonidan turizm sohasiga 191,7 mlrd. so‘m investitsiyalar kiritilishi evaziga 1 142 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.   

Hozirgi kunda 23 ming xonaga ega jami 1046 ta joylashtirish vositalari faoliyat yuritmoqda.  Shundan 107 ta joylashtirish vositalari  joriy yilning birinchi yarim yilligida barpo etildi.

Aholini turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 364 ta yangi oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ularning umumiy soni 472 taga yetkazildi.

Ta’kidlash joizki,  erishilgan bunday ko‘rsatkichlarning zamirida turizm sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan bir qator farmon va qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosining to‘liq ta’minlanayotganligi hamda yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonunining hayotga tatbiq etilayotganligida ko‘rishimiz mumkin.

Joriy yilning 13 avgust kuni Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sohaning rivojlanishi uchun tom ma’nodagi tarixiy qaror bo‘ldi.

Chunki mamlakatimiz tarixida ilk bor “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi”ni qo‘llagan holda, shuningdek, “Buxoro” xalqaro aeroportida “beshinchi havo erkinligi”ni xorijiy davlatlar fuqarolarini tashishda qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi.

Shuningdek, farmonda turizm faoliyati sub’ektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSh dollari, qish mavsumida esa 50 AQSh dollari miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplab berilishi nazarda tutiladi.

Farmonda Turizm sohasida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, Toshkent shahridan tashqari respublikamizning barcha hududlarida chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, “karaoke” zallari va turistik qo‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilanganligi elektoratimiz vakillari bo‘lgan tadbirkorlarni ruhlantirib yubordi. 

Mamlakatimiz turistik salohiyatini oshirishga befarq bo‘lmagan aholining oilaviy mehmon uylarini, turistlar uchun kamida besh xil xizmat ko‘rsatish turlarini tashkil etganda “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” yoki “Turizm ovuli” maqomini berishga oid yangiliklar kiritilmoqda.

Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, respublikamizning yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda turizm xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslarga  bir qator soliq imtiyozlari berilishi nazarda tutilgan.

Mamlakatda turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shgan jamoat tuzilmalari vakillariga va xorijdagi vatandoshlarga “Turizm sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etish taklifining qo‘llab-quvvatlanishi nafaqat yurtdoshlarimizni, balki xorijda yashayotgan vatandoshlarimizning ham O‘zbekistonning ulkan turistik imkoniyatlarini ochib berishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Bir so‘z bilan aytganda farmonning qabul qilinishi mamlakatimizda turizm sohasining yanada rivojlanishida, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarni  egallashimizda dasturilamal bo‘ladi.

 Odinaxon JAMOLDINOVA,

Oliy Majlis Qonunchilk palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    1178
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+