Natijadorlik va hisobdorlik muhim mezonga aylanadi

22.08.2019, 16:51

Natijadorlik va hisobdorlik muhim mezonga aylanadi

Shu yil 14 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta’minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, yoqilg‘i-energetika, qayta ishlash sanoati va agrosanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarni yaxshilash, aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari tahlil qilinib, ko‘pgina muammolarga yechim izlash barobarida mutasaddilar kesimida aniq vazifalar belgilab berilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

O‘zLiDePning ushbu yig‘ilishdan kelib chiquvchi yaqin istiqboldagi maqsad va rejalarini ham belgilab oldi.

Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygach, davlat boshqaruvidagi tub o‘zgarishlar xalqning ichiga kirib borish, hayotga yaqinroq bo‘lish, hududlarni rivojlantirishga ustuvorlik berilishida ko‘zga tashlandi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar yanada chuqurlashtirilib, mantiqiy davomi sifatida yangi tartib joriy etilmoqdaki, bu ham islohotlarning natijadorligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbari bundan buyon Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar, qo‘mitalar va xo‘jalik birlashmalari raislari ish uslubini o‘zgartirib, ko‘proq hududlarga, olis qishloqlarga borib, pastdagi muammolarni aniqlash va hal etishda hokimliklar, tadbirkorlar va joylardagi rahbarlarga amaliy yordam berishi zarurligini ta’kidladi. Masalaning yana bir e’tiborga molik jihati, endilikda respublika darajasidagi rahbarlar mavjud muammolarning hal etilishi va natijalari bo‘yicha viloyat xalq deputatlari kengashi va faollari oldida hisobot berib boradi.

Yangi tizimni amalda joriy qilish asnosida o‘z-o‘zidan xalq deputatlari mahalliy kengashlarining nufuzi va ta’sir doirasi oshib, shunga yarasha zimmasidagi mas’uliyat ham kuchaytirilishi taqozo etiladi. Xo‘sh, joylarda faoliyat yuritayotgan partiyamiz deputatlari mutasaddilarning hisobotini eshitishga qanchalik tayyor? Shunday imkoniyatdan foydalanib, o‘ziga berilgan vakolat va xalq ishonchini chuqur his etgan holda, taraqqiyotimiz yo‘lidagi g‘ovlarni bartaraf qilishda xalq noiblari qat’iy pozitsiyasini qanchalik namoyon eta oladi?

Zero, islohotlarning hozirgi bosqichida deputatlarga juda katta ishonch bildirilmoqda. Bugun biz ana shunday o‘tkir savollarni ko‘ndalang qo‘yib, faoliyatimizni qisqa fursatda tanqidiy yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqishimiz zarur. Boz ustiga, oldimizda parlament quyi palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlardek muhim siyosiy jarayon turibdi. Shu yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qarab butun dunyo O‘zbekistonga baho beradi. Keyingi besh yillikdagi taraqqiyotimiz ham ko‘p jihatdan ushbu siyosiy jarayonning qanchalik adolatli o‘tishiga bog‘liq desak adashmaymiz.

Ijro hokimiyatining turli bo‘g‘inlaridagi eskirgan ish uslublari oyog‘imizga to‘g‘anoq bo‘layotgani kundan-kunga oydinlashib bormoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yangi O‘zbekiston qurish yo‘lida boshlagan ishlarimizning samaradorligini ta’minlashda kadrlarning bilim saviyasi va fidoyiligi hal etuvchi omildir. Yoshlarimiz chin ma’noda vatanparvar bo‘lib, xalqimizga yelkadoshlik saodatini teran tushungan holda, milliy yuksalishga xizmat qiluvchi keng ko‘lamli islohotlarga daxldorlik hissini tuyishi, buni faol fuqarolik pozitsiyasi va amaliy harakatlari bilan ko‘rsata olishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda O‘zLiDeP jahon darajasida fikrlaydigan, yuqori intellektual salohiyatga ega navqiron avlodni kamol toptirishga hissa qo‘shib kelayotgan loyihalari qamrovini yanada kengaytirishni maqsad qilib oladi.

Davlatimiz rahbari endi qishloq xo‘jaligida manfaat ishlaydi, rag‘bat ishlaydi, deya alohida uqtirgani bejiz emas. Mazkur ta’kid zamirida agrar tizimda yillar mobaynida yig‘ilib qolgan asosiy muammolar sababi ifoda etildiki, keyingi uch yilda fermerlar manfaatdorligi va daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan iqtisodiy mexanizmlar joriy etilgani, paxta va g‘allaning davlat xaridi narxi sezilarli oshirilgani qishloq mulkdorlari qaddini chinakamiga ko‘tardi. Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, kuz oylarida qo‘shimcha sabzavotlar ekish, tumanlarning tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, hosildorlikni oshirish, g‘allachilik klasterlari, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik komplekslari tashkil etish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Birinchi yarim yillikda qariyb 86 trillion so‘m, ya’ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘p investitsiyalar o‘zlashtirilgani, mamlakatimiz tarixida birinchi marta investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshgani barchamizni quvontiradi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan investitsiya siyosatining o‘ziga xos xususiyati shundaki, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlashni ta’minlaydigan, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish sub’ektlarini tashkil etishga qaratilgan loyihalarga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Faol investitsiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar yo‘naltirilayotgani natijasida ko‘plab loyihalar ro‘yobga chiqmoqda. Bu esa aholi bandligi va turmush farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

 Albatta, bugun erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib, xotirjamlikka beriladigan odam yutqizadi. Maqsadimiz O‘zbekistonni dunyoning rivojlangan ellik davlati qatoriga qo‘shish ekan, ushbu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish, yurtimizning investitsion jozibadorligini tobora kuchaytirish ishlaridan hech qachon chetda turmasligimiz lozim. Ayniqsa, asosiy elektorati tadbirkorlar, fermerlar hamda yirik biznes vakillari bo‘lgan O‘zLiDeP ushbu jarayonlarning ichida bo‘lmog‘i shart. Partiyamizning yangilangan dasturi va Saylovoldi platformasida bu masala diqqat markazida tutildi. Xususan, mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, zamonaviy eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini oshirish, milliy raqobatbardosh mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish tizimini takomillashtirish, mahalliy korxonalar bilan chet ellik ishbilarmonlar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini shakllantirishga kuchli e’tibor qaratamiz. Eksportni rag‘batlantirish, qulay moliyaviy-iqtisodiy va bojxona sharoitlarini yaratish, yangi transport yo‘laklarini shakllantirish orqali geografik makonni kengaytirishga qaratilgan vazifalar ham belgilangan. Biz xorijiy sarmoyalarning barqaror jalb qilinishini ta’minlovchi faol investitsiyaviy siyosatni yuritish, istiqbolli investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlarining samaradorligi va shaffofligini oshirishni ko‘zda tutuvchi loyihaviy boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish tarafdorimiz.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barcha davlat idoralari va korxonalarida tizimli ishlash, qat’iy tartib-intizomga rioya etish, qabul qilingan qarorlarni so‘zsiz bajarish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va amaliy yordam berish islohotlarimizning natijadorligini ta’minlashda asosiy omil bo‘lishi zarur va shart.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    766
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Темиров Даврон O‘zLiDeP Бўка туман Кенгаши депутатлик гурухи ижрочи котиби2019-08-25 11:09:39

Ислоҳотларнинг ҳозирги босқичида Президентимиз депутатларга жуда катта ишонч билдирил моқда. Шунинг учун биз ана шундай маъсулиятли вазифани бажаришга тайёрмизми? Деган саволни саволларни кўндаланг қўйиб, фаолиятимизни қисқа фурсатда танқидий ёндашув асосида қайта кўриб чиқишимиз зарур. Сабаби, олдимизда парламент қуйи палатаси ва маҳаллий кенгашларга сайловлардек муҳим сиёсий жараён турибди. Шу йил декабрь ойида бўлиб ўтадиган сайловларга қараб бутун дунё Ўзбекистонга баҳо беради. Кейинги беш йилликдаги тараққиётимиз ҳам кўп жиҳатдан ушбу сиёсий жараённинг қанчалик адолатли ўтишига боғлиқлигини унутмаслигимиз зарур.


Рахманова Гульнара 2019-08-22 17:15:56

Хакикатдан хам Президентимиз таъкидлаганидек, барча давлат идоралари ва корхоналарида тизимли ишлаш, қатъий тартиб-интизомга риоя этиш, давлатимиз тамонидан қабул қилинган қарорларни жойларда тулаконли бажарилишини таъминлаш, тадбиркорларни ҳар томонлама қўллаб-қувватлаш ва амалий ёрдам бериш ислоҳотларимизнинг натижадорлиги таъминланишида асос булади. Халкимиз фарованлиги турмушимиз ободанчилиги йулидаги ислохатларни амалга оширлишида УзЛиДеП аъзолари фаоллик билан ендашишимиз зарур.


Fikringizni qoldiring

+