Ta’lim-tarbiya jamiyat taraqqiyotini belgilovchi omil

27.08.2019, 17:42

Ta’lim-tarbiya jamiyat taraqqiyotini belgilovchi omil

Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini isloh qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ko‘p natijalarga erishildi ham. Ammo shunga qaramay hali-hanuz ta’lim-tarbiya tizimi hozirgi zamon talablaridan orqada qolayotganligi, bu sohada ko‘plab kamchiliklar, muammolar borligi xalqimizni o‘ylantirib kelayotgan edi.

Joriy yilning 23 avgust kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan shu masala atroflicha muhokama qilindi. Bu oddiy yig‘ilish emas, balki millatga, xalqqa murojaat bo‘ldi. Murojaatda yurtboshimiz mamlakatimiz ta’lim tizimining hozirgi holati, tizimda yillar davomida to‘planib qolgan muammolar haqida to‘xtalib, maktabgacha, o‘rta va oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiya jarayoni zamon talablaridan orqada qolayotganligini tanqidiy ruhda ochib berdi.

Prezidentimiz yig‘ilishda maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritar ekan, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir” degan fikrini alohida ta’kidlab, bu masalaning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha to‘xtaldi.

Shuningdek, o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu bejiz emas, chunki 2030 yilda O‘zbekistonni eng rivojlangan 50 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilib qo‘yilgan. O‘sha davrda bugun maktab partasida o‘tirgan o‘quvchilarimiz mamlakat, davlat, jamiyatga xizmat qiladigan barkamol avlod bo‘lib kamol topadi, demak, mamlakat taqdiri, kelajagi bugun maktabda hal bo‘layapti.

Davlatimiz, xalqimiz va millatimiz taqdiri ustoz-murabbiylarga bog‘liq. Demak, yoshlarga ta’lim-tarbiya beruvchi o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash barcha vazirliklar, mahalliy hokimliklar va jamoatchilikning eng muhim vazifasiga aylanishi kerak.

Oybek DJUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a'zosi

  • Ko'rildi
    971
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+