Ta’lim-tarbiya millat saodatining ko‘zgusi

28.08.2019, 17:31

Ta’lim-tarbiya millat saodatining ko‘zgusi

Mamlakatimizda so‘nggi uch yilda zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimiga oid 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-me’yoriy asoslari mustahkamlandi. 

Shu bilan birga ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab ta’limi tizimi tiklandi, 157 ta umumta’lim maktabi yangidan qurildi. E’tiborli tomoni, Prezidentimizning joriy yil 29 apreldagi farmoniga muvofiq, xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi. Masalan, 2030 yilga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan.

Joriy yilning 23 avgust kuni Prezidentimiz raisligida xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishi shubhasiz. Chunki aynan shu yig‘ilishda mamlakat rivoji, millat taqdirining tayanch nuqtasi maktab ekani yana bir bor ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu bejiz emas, chunki 2030 yilda O‘zbekistonni eng rivojlangan 50 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilib qo‘yilgan. O‘sha davrda bugun maktab partasida o‘tirgan o‘quvchilarimiz mamlakat, davlat, jamiyatga xizmat qiladigan barkamol avlod bo‘lib kamol topadi, demak, mamlakat taqdiri, kelajagi bugun maktabda hal bo‘layapti.

Yana bir gap. Yig‘ilishda maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish muhimligi ta’kidlandi. Maktab hayoti, fidoyi o‘qituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, sahna asarlari va videoroliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Maktab taqdiri – millat taqdiridir, millatimiz taqdiriga esa befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Demak, deputat sifatida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan amaliy ishlarda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur.

O‘tkir TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    1688
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+