O‘zLiDeP saylovoldi dasturiga qishloq xo‘jaligi vakillari, fermerlar sohaga oid aniq takliflar bildirdi

28.08.2019, 17:58

O‘zLiDeP saylovoldi dasturiga qishloq xo‘jaligi vakillari, fermerlar sohaga oid aniq takliflar bildirdi

Joriy yilning 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, partiyaning parlamentdagi fraksiyasi hamda O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda “Qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilishni takomillashtirish masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda  vazirliklar, “O‘zagrokimyohimoya” AJ va O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mutaxassislari, soha olimlari va OAV vakillari ishtirok etdi. 

Ushbu masala O‘zLiDeP tomonidan o‘z saylovoldi dasturidan o‘rin bermoqchi bo‘lgan muhim masalalar sirasiga kiradi. Partiya tomonidan masalaga bu qadar muhim ahamiyat qaratilayotganligi bejiz emas. Chunki o‘simliklarni zararkunanda va kasalliklardan samarali himoya qilmay turib, ulardan sifatli va yuqori hosil olib bo‘lmaydi. Shu tufayli ham ushbu masala mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek muhim ahamiyat kasb etuvchi masalaning hal etuvchi qismlaridan biriga aylangan. Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda mamlakatimiz ekin maydonlarida zararli invaziv turlarning salmog‘i ortib bormoqda.

Begona o‘tlar qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini va yetishtirilgan mahsulot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omil xisoblanadi. Begona o‘tlar keng tarqalgan yillari madaniy o‘simliklarning hosildorligi g‘allazorlarda 10%ga, don dukkaklilarda 13,4%ga,  g‘o‘zada 7,5% ga, kartoshkada 6%ga, sabzavot ekinlarida 10,8%ga pasayadi.

Shuningdek, o‘simlik mahsulotlarini eksport va import qilish bo‘yicha iqtisodiy savdo munosabatlarining va tovarlarni davlatlararo ayriboshlash jarayonining kengayib borishi xorijiy davlatlardan o‘simlik urug‘lari, meva-sabzavot, poliz ekinlari va manzarali o‘simliklarning yangi navlarini kirib kelishi karantin tadbirlarni ham amalga oshirishni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

Shu jihatdan “Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini tayyorlashda sohaga doir vakolatli organlarning vakolat va majburiyatlarini aniq belgilash, qonunni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalar bilan ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlanishicha, xavfli zararkunandalardan respublika hududining ishonchli himoyasini ta’minlovchi ichki va tashqi o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat tadbirlarining samarali tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ularning mamlakat ichida tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ishlarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Respublika mintaqalarida hozirgi kunga qadar eksportga jo‘natiladigan hamda karantin zararkunandalari, o‘simliklar kasalliklari, begona o‘tlar tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan chet davlatlardan olib kiriladigan urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha laboratoriyalar so‘nggi ikki yillikda qayta tashkillanib, o‘simlik klinikalari ko‘rinishida tashkil etilmoqda.

Deputatlar sohadagi eng muhim masalardan yana biri qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini himoyasi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ta’sirchan tizimi mavjud emasligi, buning natijasida mutaxassislarning kasbiy mahoratlari, ularning ushbu sohadagi ish ko‘nikmalari oshirilishi ta’minlanmayotganligiga e’tibor qaratdilar. Shu bilan bir qatorda zamonaviy labaratoriyalar ham yetishmaydi.

Tadbir yakunida “Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini yanada takomillashtirish, zamonaviy huquqiy mexanizmlarni qonunchilikda aks ettirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Qizg‘in-bahs munozaraga boy bo‘lgan ochiq muloqotda partiya saylovoldi dasturiga qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, klasterlar faoliyati va  tomorqa yer egalarining to‘liq qonuniy himoya qilish borasida ham aniq takliflar bildirildi.             

  • Ko'rildi
    1276
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+