Yo‘llar ravon, manzillar yaqin bo‘ladimi?

05.09.2019, 17:18

Yo‘llar ravon, manzillar yaqin bo‘ladimi?

Kogon tumanida ham aholi turmush farovonligini yaxshilashga qaratilgan bunyodkorlik ishlariga alohida e’tibor berilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi muhim tadbirlardan biri ichki, viloyat va davlat ahamiyatidagi yo‘llarni o‘z vaqtida ta’mirlash hamda talab darajasida foydalanishga topshirishdir. Xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari O. Komilovning hisoboti tinglandi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, keyingi paytda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, hudud infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan 2019 yil uchun belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilgan. Belgilangan rejaga muvofiq, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan “Nurafshon”, “Siyoz-poyon”, “Hukumatobod” MFYlarga qarashli aholi yashash maskanlariga olib boradigan umumiy uzunligi 33,3 kilometrdan iborat yo‘llarni tartibga keltirish bo‘yicha muayyan ishlar bajarilgan. Biroq bu borada ayrim muammolar ham yo‘q emas. Gap shundaki, ichimlik suvi quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlarini o‘tkazishga mas’ul korxonalarning sustkashligi oqibatida yo‘lsozlar tomonidan belgilangan ishlarni o‘z muddatida nihoyasiga yetkazish kechikmoqda. Mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishlari lozimligi hisobotda va deputatlik guruhi a’zolari chiqishlarida alohida tilga olindi. Shu yil oxirigacha rejalashtirilgan ta’mirlash-qurilish ishlarining bekamu ko‘st va o‘z vaqtida ado etilishi yuqorida tilga olib o‘tilgan salbiy holatlarning bartaraf etilishiga ko‘p jihatdan bog‘liqligi qayd etildi. Shu kungacha 3,4 kilometrlik ichki yo‘llarda, 146 kilometrlik viloyat va 33 kilometrlik davlat ahamiyatiga molik yo‘llarda tegishli ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilib, bu boradagi ishlarni yil oxirigacha tugallash ko‘zda tutilgani deputatlarga ma’lum qilindi.

Muhokama etilgan masala bo‘yicha so‘z olgan mahalliy kengash deputatlaridan O. Ochildiyeva, O. Azimov, B. Murodov va boshqalar “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining chekka hududlardagi ijrosi xususida fikr yuritar ekan, joylarda transport-kommunikatsiya, servis va xizmat ko‘rsatish sub’ektlarini ko‘paytirish, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari, ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratib berish zarurligini ta’kidladilar. Bu boradagi ishlarda O‘zLiDePdan saylangan deputatlarning ta’sir kuchi, partiyaviy salohiyati va obro‘-e’tibori ustuvorlik kasb etishi lozimligi aytildi.

  • Ko'rildi
    954
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+