Nazorat kuchaymasa...

05.09.2019, 17:37

Nazorat kuchaymasa...

Xalq deputatlari Qorovulbozor tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimizning “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini oshirish, mahalliy budjetlarga tushumlarning to‘liqligini ta’minlash bo‘yicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan 2019 yilning birinchi yarmida hududda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tuman moliya bo‘limining hisoboti eshitildi.

Bugungi kundagi muhim vazifalardan biri hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari erkinligi va mas’uliyatini oshirish, mahalliy budjetlarni shakllantirishning shaffofligini ta’minlash va uning bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirishdan iboratdir. Yig‘ilishda aynan shu yo‘nalishda tumanda olib borilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Yuqorida tilga olingan farmon mazmun-mohiyati, amaldagi ijrosi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida batafsil fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, tumanda 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga 16,4 trillion so‘m miqdorida kredit ajratilgan. Iqtisodiyotda investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi 1,3 baravarga, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari soni esa 2,3 baravarga o‘sgan. Soliq siyosatiga kiritilgan o‘zgartirishlar inobatga olinadigan bo‘lsa, tumanning mahalliy budjet daromadlari 45 milliard 75 million so‘mga yetkazilishi yoki 2018 yilga nisbatan 145 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Deputatlik guruhi yig‘ilishida, shuningdek, tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.To‘xtayevning hududda avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, mavjud infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi axboroti ham tinglandi.

Kun tartibida muhokama etilgan ikkala masala yuzasidan ham deputatlik guruhining tegishli qarorlari qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    885
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+