O‘zLiDeP saylovoldi dasturi loyihasida millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik yo‘nalishidagi vazifalarni belgilab oldi

06.09.2019, 16:08

O‘zLiDeP saylovoldi dasturi loyihasida millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik yo‘nalishidagi vazifalarni belgilab oldi

Joriy yilning 6 sentabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida “Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, milliy madaniy markazlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda partiya saylovoldi dasturi loyihasida Millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik yo‘nalishida belgilab olinishi lozim bo‘lgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlangidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash masalalari borasida ustuvor vazifalar belgilab olingan. Shundan kelib chiqqan holda O‘zLiDeP Saylovoldi dasturi loyihasida ushbu yo‘nalishda qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarga ham e’tibor qaratmoqda.

Tadbirda hozirgi globallashuv jarayonida xalq diplomatiyasi hamkorlik va hamjihatlik, bag‘rikenglik hamda totuvlik kabi umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kuch sifatida o‘zini tobora keng namoyon etayotgani, yurtimizning boshqa davlatlar bilan o‘zaro aloqalarini mustahkamlashda bu institut alohida o‘rin tutayotgani ta’kidlandi. Millatlararo hamda dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning uzviy qismi ekanligi ham tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida qayd etildi. Ana shu sa’y-harakatlar natijasida bugun respublikamizda 138 ta milliy madaniy markazlar, 35 ta do‘stlik jamiyatlari, 130 dan ortiq millat va elat vakillari mustaqilligimiz, tinch hamda farovon hayotimizni asrash, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishdek ezgu maqsad yo‘lida mehnat qilmoqda.

O‘zLiDePning fikricha, bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatining yanada rivojlanishi, millatlararo va fuqarolararo o‘zaro anglashning mustahkamlanishi, do‘stlik va hamjihatlik, tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash davlat va jamiyat rivojlanishining eng muhim va zaruriy sharti deb biladi. Shu sababli partiya xorijiy davlatlar bilan millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalarini uyg‘unlashtirish masalalarini hal qilishda parlament va xalq diplomatiyasi salohiyatidan yuqori darajada foydalanishga yaqindan ko‘maklashadi.

So‘z olganlar mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash O‘zbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganini alohida ta’kidlashdi.

Tadbir doirasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

  • Ko'rildi
    1720
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+