Deputatlar yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni amalga oshirilishini qoniqarsiz deb topishdi

07.09.2019, 18:04

Deputatlar yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni amalga oshirilishini  qoniqarsiz deb topishdi

Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashidagi  O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda  Namangan shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudiri, Namangan shahar Moliya bo‘limi boshlig‘i, Namangan viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi vakili hamda Namangan shahar hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hisobotlari eshitildi va deputatlik guruhi tomonidan atroflicha muhokama etildi.                       

Dastlab deputatlar Namangan shahridagi umumta’lim maktab muassasalarini moddiy texnik jihatdan moliyalashtirish bo‘yicha shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Ziyoviddin Djamalovning hisobotini tingladi.

- 2019 yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturi asosida Namangan shahridagi 60 dan ortiq maktablar uchun komplekt mebel jihozlari ajratildi, 37 ta maktab joriy ta’mirlandi, 12 ta maktab esa kapital ta’mirdan chiqarildi, - deydi Z.Djamalov. - 35 yil davomida pedagog sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsam,  joriy yilda birinchi marotaba shahar hokimligi tomonidan 37 mlrd. so‘mlik mebel jihozlari ajratildi, 11 ta maktabga kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonuni asosida Namangan shahrida avtomobil yo‘llari qurish,  rekonstruksiya qilish va ta’mirlash yuzasidan 2019 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Chindan ham mamlakatimizda xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, aholiga xizmat ko‘rsatish, avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, mazkur masalaning nechog‘lik dolzarb ahamiyat kasb etishidan  dalolat beradi.

Rejaga ko‘ra 2019 yilda Respublika budjetidan Namangan yo‘l qurilish va ta’mirlash unitar korxonasi tomonidan shahrimizning 40 ta ko‘chalarida 4.995 mlrd so‘mlik 14.9 km ichki ko‘chalarni joriy ta’mirlash ishlari bajarilishi belgilangan bo‘lib, amalda hozirgi kunga qadar 3,75 mlrd so‘mlik14.7 km yo‘llarda joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 17 ta ko‘chalarda 9.7 km uzunlikdagi joriy ta’mirlash ishlari uchun 980.0 mln so‘m mablag‘, 9 ta uzunligi 3.8 km ko‘chalarni joriy ta’mirlash uchun 500.0 mln so‘m mablag‘ sarflandi.

Biroq deputatlar Namangan viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasining Dasturlarni shakllantirish bo‘limi boshlig‘i tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonuni asosida Namangan shahrida avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha 2019 yilgi ichki va asosiy ko‘chalarni ta’mirlash yuzasidan manzilli ro‘yxatlarni amalga oshirilishini qoniqarsiz deb topishdi. Mazkur masala Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashidagi  doimiy komissiyaga hamda navbatdagi sessiyaga kiritildi.

Yig‘ilish yakunida Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari tomonidan Namangan shahridagi kichik sanoat zonalarida faoliyat boshlagan korxonalar bilan yaqindan tanishish va muammolarini hal etilishida amaliy yordam berish, yil yakunida sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha tashkil qilingan ishlar natijadorligini o‘rganib chiqib, doimiy komissiyaga masala kiritish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Yulduz Yuldasheva

O‘zLiDeP Namangan

viloyat Kengashi

Matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1085
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+