G‘alaba strategiyasi

10.09.2019, 11:01

G‘alaba strategiyasi

u qanday mezonlarga asoslanadi?

Tarixdan bilamizki, har qanday kurashda g‘alaba qozonish uchun mukammal strategiya, ma’lum bir taktika qo‘llash lozim. Aks holda g‘oliblikni qo‘ldan chiqarish hech gap emas. Bir necha oydan so‘ng boshlanajak mahalliy kengashlarga saylovlar jarayonida ham eng to‘g‘ri strategiyani qo‘llay olgan siyosiy partiya ustunlikni qo‘lga kiritishi mumkin. Buning uchun esa bu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rib, mahalliy kengash vakillarining ham siyosiy bilimini oshirish muhim tadbirlardan hisoblanadi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi mas’ullari xuddi shu aqidaga amal  qilgan holda Termiz shahridagi axborot texnologiya va turizm kasb-hunar kolleji binosida “Saylovlar: g‘alaba strategiyasi va taktikasi” mavzuida 5 kunlik o‘quv tashkil etdi. Unda O’zLiDePning tuman, shahar Kengashlari apparat rahbarlari, ijrochi kotiblar hamda mafkuraviy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosarlarining siyosiy bilimi oshirildi.

— Saylov jarayonida faol bo‘lish uchun eng avvalo, yetarli siyosiy bilimga ega bo‘lish lozim, — deydi O’zLiDeP Termiz tuman Kengashi apparat rahbari Tursunpo‘lat Djo‘rayev. — Ayniqsa, bu yil keskin o‘zgarishlar kutilayotgan saylovlarda yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, samarali siyosiy dastur ishlab chiqish usullari,
siyosiy platforma nimaligi, elektorat manfaatlarini qanday himoya qilish mumkinligi kabi zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘limiz lozim. Bugungi o‘quv-seminarda esa ushbu mavzularga alohida to‘xtalindi. Eng muhimi, seminar davomida o‘rganganlarimizni amaliy mashg‘ulotlar yordamida mustahkamlab oldik.

O‘quv seminarda turli soha mutaxassislari: ya’ni jurnalistdan tortib adliya organi vakili, ma’naviyat-ma’rifat targ‘ibotchilari ham yig‘ilganlarga mamlakatda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan strategik tashabbuslarning mohiyati haqida batafsil tushuncha berishdi.

— Ayniqsa,  FJShMKMI viloyat filiali vakili Faxriddin Yarmatovning saylov oldi kurashlarda yo‘l qo‘yiladigan xatolarga bag‘ishlangan ma’ruzasi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi, — deydi O’zLiDeP Denov tuman Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari Muhammadi Mamadaliyev. — Xususan, saylov oldi tashviqot davrida noto‘g‘ri axborot, shuningdek, nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish, saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish yoki xizmat ko‘rsatish kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligi ta’kidlandi. Yoki oddiygina intervyu berish jarayonida aytib yuborilgan nojo‘ya gap, noto‘g‘ri axborot ham partiyamiz obro‘siga putur yetkazishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

         O’zLiDeP Surxondaryo viloyat

Kengashi matbuot xizmati

Teglar
STM
  • Ko'rildi
    1229
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+