O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi majlisida saylovoldi dasturi loyihasi muhokama qilindi (+fotogalereya)

17.09.2019, 16:29

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi majlisida saylovoldi dasturi loyihasi muhokama qilindi (+fotogalereya)

Joriy yilning 17 sentabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining XII majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga oid davlat Dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan partiyaning kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi hamda partiyaning Saylovoldi dasturi loyihasi Siyosiy Kengash a’zolari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov ochib berdi hamda kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan shu yilning iyun-iyul oylarida ishchi guruhlar shakllantirilib, joylarda “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi o‘ta muhim dasturlar ijrosini o‘rganish yuzasidan elektorat vakillari va aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar olib borildi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan mazkur jarayonda qariyb 82 mingta xonadonga kirib borildi va yuz minglab insonlar bilan bevosita muloqotga kirishildi.

O‘tgan muddat davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida, boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 11 810 tadan 12 616 taga yetdi. Partiya a’zolarining soni 740 ming nafarga ortdi va sakkiz oy ichida 126 mingdan ortiq yangi a’zolar qabul qilindi.

Hisobot davrida tadbirkorlik, kichik biznes, investitsion muhitni yaratish, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan partiyaviy loyihalar, ochiq muloqotlar natijasida mingga yaqin takliflar, bir qator muammolar aniqlandi. Mazkur yo‘nalishda mahalliy kengash deputatlari tomonidan 1169 ta mansabdor shaxslarning eshituvi o‘tkazilib, so‘rovlar yuborildi.

Shuningdek fraksiya a’zolarining tashabbusi bilan 12 ta qonun loyihasi, 236 ta nazorat-tahlil tadbirlari, 184 ta deputatlik so‘rovi, 41 ta eshituv, 3 ta hukumat soati, 4 ta parlament eshituvi tashkil etildi.

Majlisda partiya tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlik, soliq, ruxsat berish tartib taomillari, advokatura, nodavlat notariuslar, mehnat migratsiyasi yuzasidan bildirilgan takliflari davlatimiz rahbari va hukumat hujjatlari, qonunlarda o‘z ifodasini topganligi alohida e’tirof etildi.

Majlisda shuningdek, Partiya saylovoldi dasturi loyihasi Siyosiy Kengash a’zolari ishtirokida aniq takliflari asosida keng muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, partiyaning siyosiy platformasi Harakatlar strategiyasiga hamohang tarzda ishlab chiqilgan bo‘lib, beshta yo‘nalishni qamrab olgan.

Partiya davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish yo‘nalishida «Elektron parlament» va «elektron Xalq kengashi deputatlari» konsepsiyalarini amalga oshirish, O‘zbekistonning davlat boshqaruvi sifatining yuqori darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga kirishini ta’minlash, axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni joriy etish, iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishini yanada qisqartirish, boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish, “Elektron hukumat” konsepsiyasini amalga oshirish masalalariga usutuvor ahamiyat qaratmoqda.

Yig‘ilishda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini liberallashtirish, aholining adolatli sudlovga ishochini oshirish masalalari ham partiyaning diqqat markazida ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Unga ko‘ra sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sud tizimini, fuqarolar huquq va erkinliklari ishonchli himoyalanishini, adolatli sudlov kafolatlarini takomillashtirish hamda “elektron va raqamli sud” konsepsiyasi, “xalq sudyalari” “hakamlik sudi” institutlarini tashkil qilinishida faollik ko‘rsatadi.

Majlisda partiya saylovoldi dasturining Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Partiya qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk huquq va kafolatlarining ishonchli himoyalanishini ta’minlash, tadbirkorlik rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va cheklovlarni olib tashlash, «Biznesni yuritish», global raqobatbardoshlik, innovatsiyalar, sanoatning raqobatbardoshligi indekslari bo‘yicha dunyoning yetakchi 50 ta mamlakati qatoridan O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashini ta’minlash va yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirishning istiqbollariga qaratilgan aniq vazifalarni qamrab olgan. Zero, O‘zLiDeP O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibardorligini oshirish – bu mamlakatning jadal va barqaror rivojlanishi, iqtisodiyotni raqobatbardoshligining eng muhim va zarur sharti ekaniga ishonadi.

Ahamiyatlisi, shu kunga qadar tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi yuzlab qonun hujjatlari qabul qilingan. Partiya milliy qonunchiligimiz va xalqaro tajribani inobatga olgan holda mahalliy tadbirkorlar va investorlar uchun tushunarli bo‘lgan yagona Investitsiya va Tadbirkorlik kodekslarini ishlab chiqish va qabul qilish g‘oyasini ilgari surmoqda.

O‘zLiDeP siyosiy platformasida o‘z aksini topayotgan masalalardan biri 2020 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatish (servis) iqtisodiyotini rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqishdir. Ayni sohadagi muhim yo‘nalish O‘zbekistonni jozibali jahon turizmi markaziga aylantirish, mamlakatni dunyoning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan 10 ta davlatlari qatoriga kiritishdan iborat.

Majlisda shuningdek, partiya saylovoldi dasturining ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishidagi vazifalar xususida ham so‘z yuritildi. Bu borada sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida xususiy sektorni jadal rivojlantirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi uchun arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish masalalariga e’tibor qaratilgan.

Yig‘ilishda partiya saylovoldi dasturini yanada takomillashtirish, uni davr talablarini aks ettirgan holda xalqchil dasturga aylantirish bo‘yicha partiya Siyosiy Kengash a’zolari tomonidan taklif va tavsiyalar bildirildi va bo‘lajak saylovlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda partiya Siyosiy Kengashi tarkibiga yangi a’zolarni kiritish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1531
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Собир2019-09-17 18:24:45

Мени кўпроқ, "Электрон Халқ кенгаши депутатлари" ва “Электрон ва рақамли суд” концепциялар лойиҳалари эътиборимни тортмоқда!...


Бахтигул Каршиева O'zLiDeP Самарқанд вилоят Кенгаши матбуот котиби2019-09-17 17:00:26

O‘zLiDeP сайловолди дастуридан ўрин олаётган, 2020 – 2025 йилларда Ўзбекистон Республикасида хизмат кўрсатиш (сервис) иқтисодиётини ривожлантириш Стратегиясини ишлаб чиқилиши -Ўзбекистонни жозибали жаҳон туризми марказига айланишига, мамлакатмиз сайёҳлар энг кўп ташриф буюрадиган давлатлардан бирига айланишига ишонаман. Бизда тарихий шаҳарларимиздан ташқари, ЭКОТУРИЗМни ривожлантириш учун ҳам имкониятлар мавжуд. Хизмат кўрсатиш (сервис) иқтисодиёти ривожланса, янги янги ишчи ўринлари ва тадбиркорлик субъктлари барпо этилади.


Fikringizni qoldiring

+