“Otangga bor, onangga bor”. Mutasaddilar o‘z vazifasidan bexabarmi?

17.09.2019, 17:55

“Otangga bor, onangga bor”. Mutasaddilar  o‘z vazifasidan bexabarmi?

Biznesmen (tadbirkor) atamasi birinchi marotaba Angliya iqtisodiyotida XVIII asrda paydo bo‘lib, u “mulk egasi” degan ma’noni bildirgan. Chunki tadbirkor o‘z ishini rejalashtiradi, ishlab chiqarishni tashkil etadi, mahsulotni sotadi va olgan daromadiga o‘zi xo‘jayinlik qiladi.

Biznes, avvalo, ishlab chiqarishni tashkil etish, iqtisodiy faoliyat va munosabatlar, so‘ngra esa pul topish demakdir. O‘zbek tilida biznes tadbirkorlik, biznesmen esa tadbirkor degan ma’noni anglatadi. Shunday qilib, biznes yo‘q narsadan pul qilish emas, balki murakkab ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish demakdir.

  Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda aholini biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilishga alohida e’tibor qaratilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga turli imtiyoz va qulayliklar yaratilmoqda. Sababi u nafaqat o‘z oilasini, balki el-yurtni ham boqadi, ko‘plab ish o‘rinlari yaratadi. To‘plagan puli, mol-mulkini yangi ish ochishga sarflaydi, aholini ish bilan ta’minlaydi, hududni obod qiladi.

Afsuski, bu borada olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramay hanuzgacha ayrim to‘siqlar, anglashilmovchiliklar tufayli o‘z faoliyatini boshlolmayotgan yoki faoliyatini kengaytirolmayotgan tadbirkorlar uchrab turibdi. Bu esa tadbirkorlarda haqli ravishda norozilik hissini uyg‘otmoqda.

Gap shundaki, yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegayli tumanida yashovchi T.Tajimuratov tomonidan xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Bayram Iskenderov nomiga murojaat kelib tushdi.

Murojaatda tadbirkor o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratmoqchi ekanligini, lekin tijorat banklaridan kredit olishda turli qiyinchiliklarga duch kelayotganini bayon qilgan. Shu masalani imkon qadar tezroq hal etib berishda deputatdan ko‘mak so‘ragan.

Muammo partiya vakillari tomonidan atroflicha o‘rganilgach, bu masala yuzasidan xalq vakili B.Iskenderov tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yubordi. Hayriyat sa’y-harakatlar zoye ketmadi, muammo ijobiy hal etildi. Deputat tashabbusi bilan AT “Xalq bank” tuman filiali tomonidan tadbirkorga 200 mln. so‘m miqdorida kredit ajratildi.

“Bu masala bo‘yicha tuman hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilganimga uch-to‘rt oy bo‘ldi. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, natijadan darak yo‘q. Tegishli mutasaddilarga  uchrashsam, “biroz sabr qiling, hal qilib beramiz” deyishdan nariga o‘tmaydi. Qariyb yarim yildan beri shunday deb aldab kelishadi. Mana “otangga bor, onangga bor” demasdan hal etsa bo‘larkanku!”, – deydi T.Tajimuratov.  

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda tadbirkor faoliyatini kengaytirib, qurilish uchun shpaklyovka va mebel ishlab chiqarishni yo‘lga quygan. Shuningdek, hududdagi 10 nafar kollej bitiruvchisini ish bilan ta’minlab, Qorao‘zak, Chimboy va Taxtako‘pir tumanlariga turli mahsulotlar yetkazib bermoqda.

Ha, tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham, xalq ham boy bo‘ladi, odamlar baxtli yashaydi. Tadbirkor yo‘liga qarshi chiqish esa davlat siyosati, prezident siyosatiga qarshi chiqishdir. O‘ylaymizki, endilikda mutasaddilar o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashib, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

 Salohiddin ISOMIDDINOV,

O‘zLiDeP matbuot xizmati

mas’ul xodimi

  • Ko'rildi
    989
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Рахманова Гульнара 2019-09-19 08:38:15

Тадбиркорларимиз манфатларини хар тамонлама куллаб кувватлаш УзЛиДеП нинг асосий вазифаларидан саналади, шунки электоратимизнинг купчилиги деярли шу соха ходимларидан иборат. Тадбиркорлик сохаси ривожланган сари жамиятимизда иктисодиёт мустахкамланади, янги иш уринлари яратилади, ахолимиз фарованлиги таъминланади


Fikringizni qoldiring

+