Bir mahalla – bir mahsulot tamoyili ommalashmoqda

19.09.2019, 14:24

Bir mahalla – bir mahsulot tamoyili ommalashmoqda

O`zLiDeP Zomin tuman Kengashi hamda Respublika Fermer dexqon xo‘jaliklar va tomorqa yer egalari Kengashi bilan hamkorlikda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini yanada ommalashtirish hamda aholi tomorqalaridan samarali foydalanishi kabi masalalar yuzasidan seminar tashkil etildi.

Ahamiyatli tomoni, seminar davomida ishtirokchilar tumandagi bir qancha fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, Surxonobod qishlog‘ida yashovchi Ziyodullo Mingniyozovning o‘z tomorqasida olib borayotgan faoliyati ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. Ziyodullo aka bu yil tomorqasida bulg‘or qalampiri, baqlajon, pomidor va uzumdan mo‘l – hosil yetishtirib, yaxshigina daromad egasiga aylandi.

Muloqotlar davomida tomorqa egalari tomonidan bir qancha muammoli masalalar ko‘tarildi. Masalan, ko‘pgina tomorqalarda ekinlarni sug‘orish maqsadida 40-60 metr chuqurlikda artizan quduq qazilib, nasos orqali suv chiqarilgan. Shularni hisobga olib, tomorqachilar uchun elektr energiya harajatlari, yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar yaratish, ayniqsa yerning sho‘rlik darajasini pasaytirish, logistika xizmatini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar o‘rtaga tashlandi.

Seminar ishtirokchilari “Obi hayot” QFY hududidagi “Yusuf diyor” fermer xo‘jaligi dalasiga ham tashrif buyurdi. Xo‘jalikdagi uzum nihollari parvarishi, qurilayotgan chorva kompleksini ko‘zdan kechirdilar. Ushbu mahalla hududida kelgusida “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida bir turdagi ekinlar ekish borasida fikr va takliflar o‘rtaga tashlandi.

                   O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1249
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+