Jomboylik fermer 3 gektar yerda 60 tonna uzum yetishtirdi

21.09.2019, 12:08

Jomboylik  fermer 3 gektar yerda 60 tonna uzum yetishtirdi

Jomboylik  fermer Olimjon Mamatqulov 2012 yildan buyon “Husayni”, “Rizamat ota”, “Mersedes”, “Kishmish” kabi uzumlarning xaridorgir navlarini yetishtiradi. Dastlab 3 gektar maydonda bunyod etilgan uzum bog‘lari maydoni bugungi kunda10 gektarni tashkil etadi.

“Uzum jannat mevasi, – deydi fermer. – 2011 yilda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumaniga borganimda, uzumzorlarga havas qilib, tok ko‘chatlaridan olib kelgandim. Ayni paytda dastlab ekkan 3 gektar maydon hosilga kirgan. Joriy yilda 3 gektarda 60 tonna uzum yetishtirdik, ularning 20 tonnasini mahalliy eksportchilar ko‘magida Rossiyaga eksport qildik”.

O‘zLiDeP Jomboy tuman Kengashi tomonidan “Gulnigor nurli dalasi” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan amaliy muloqotda Prezidentimizning joriy yil 14 avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati tadbirkor va fermerlarga tushuntirildi.

Partiya faollarining aytishicha, mazkur farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlarini o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish ishlariga, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish tadbirlariga hamda boshqa ishlarga majburiy jalb qilish qat’iyan taqiqlangan. Zero, o‘tgan yillar mobaynida bu kabi amaliyot ko‘plab kichik biznes egalarining joniga tekkan.

Tadbirda shuningdek, farmon orqali tadbirkorlik faoliyatida yanada qulayliklar yaratuvchi, tadbirkorlarga erkinlik va yangi imkoniyatlar beruvchi qator imtiyozlar joriy etilayotgani ta’kidlandi.

Baxtigul QARShIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    2126
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+