O‘zLiDeP aralashgach kogonlik tadbirkorning muammosi hal bo‘ldi

28.09.2019, 16:13

O‘zLiDeP aralashgach kogonlik tadbirkorning muammosi hal bo‘ldi

Qachon odamning qo‘li ishga bormaydi? Peshona teri bilan ro‘zg‘origa 4-5 so‘m foyda keltirishga ham istak-xohishi bo‘lmaydi? Kimdir uni aldasa. Masalan, buyurtmachi tashkilot vakili qog‘ozda mo‘maygina daromad va’da qilsa-yu amalda...

Kogon shahrida yashovchi tadbirkor Asalxon Mamayusupova bilan ham shunday bo‘ldi. Asalxon opa bundan deyarli bir yil muqaddam ezgu ishga qo‘l urdi. O‘z shahrida “Malika tekstil” MChJ negizida tikuv sexini ishga tushirdi. Dastlab bu yerda 27 nafar kishining bandligi ta’minlandi. Bugunga kelib, ishchi-xodimlar soni 36 nafarga yetdi. Demak bir tadbirkor ayolning tashabbusi, serg‘ayratliligi bois, shuncha insonning oilaviy budjetiga daromad qo‘shilyapti.

Xo‘sh, unda muammo nimada? Gap shundaki, bundan 7 oy muqaddam Kogon shahar obodonlashtirish boshqarmasi vakili opaning oldiga kelib, boshqarmaning ishchi-xodimlari uchun 97 dona qishki ish kiyimlarini qisqa muddatda tayyorlab berishni iltimos qildi. Sarf-xarajatlar xomcho‘t qilinib, mehnat haqqi 50 million 756 ming so‘m bo‘lishi aytildi. Boshqarma vakili kelishilgan pulni belgilangan muddatda to‘lab beraman mazmunidagi kafolat xati ham yozib berib, “zakaz”ni iloji boricha tezroq tayyorlab berishni qayta-qayta ta’kidladi.

Asalxon opa buyurtmani ko‘ngildagidek bajardi-yu biroq kelishuvda aytilgan mablag‘ 7 oy “tuya go‘shti yedi”. Bu vaqt oralig‘ida MChJ rahbari 1-2 ta yuqori tashkilotga “dard”ini aytib ham ko‘rdi, bo‘lmadi. Shunda O‘zLiDeP  Buxoro viloyat Kengashiga murojaat qildi. Muammoni ro‘yi rost aytdi. Partiya faollari mazkur holatni atroflicha o‘rgandilar.  Murojaatchi  haq bo‘lib chiqdi. Adolat qaror topishi uchun tegishli tashkilotlarga so‘rovlar yuborildi.

“Partiyaning viloyat Kengashiga qilgan murojaatim besamar ketmadi, — deydi Asalxon opa. — Mana, hozircha buyurtmachi tashkilot tomonidan mening hisob raqamimga 33 million 600 so‘m mablag‘ kelib tushdi. Bilganimda xalq manfaatini, ayniqsa, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi O‘zLiDeP faollariga avvalroq murojaat qilgan bo‘lardim. O‘shanda o‘z pulimni olaman deb shuncha payt mobaynida sarson yurmagan bo‘lardim, albatta”.

Obid QO‘LDOShOV,

O‘zLiDeP Buxoro viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1002
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+