Saylovoldi dasturiga hayotiy va asosli taklif-mulohazalar bildirilyapti

07.10.2019, 11:05

Saylovoldi dasturiga hayotiy va asosli taklif-mulohazalar bildirilyapti

Saylovlarning ahamiyati shundaki, bu jarayonda odamlarning xohish-irodasi, orzu-umidlari, ijtimoiy kayfiyati yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bois yurtimizda saylovlarni ochiq, oshkora va shaffof o‘tkazishga alohida e’tibor qaratiladi.

Joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarning ilk bor yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq o‘tkazilishi bu boradagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Mamlakatimizdagi boshqa siyosiy kuchlar qatori Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham saylovda muvaffaqiyat qozonish uchun amaliy ishlarni tobora kuchaytirmoqda. Eng avvalo, partiyaning Saylovoldi platformasi puxta ishlab chiqilib, hududlarda uning muhokamasiga bag‘ishlangan debatlar tashkil etildi. Bildirilgan takliflar asosida lo­yiha yanada takomillashtirildi.

Xorazm viloyatida o‘tkazilgan muhokamalarda ham partiyaning yangilangan dasturi va Saylovoldi platformasiga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar tahlil qilinib, 20 dan ortiq takliflar ilgari surildi.

– Partiyaning yangilangan dasturida elektoratimiz manfaatlarini har tomonlama muhofazalashga qaratilgan yangiliklar ko‘p. Ammo uni aynan fermerlarni himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan bandlar bilan to‘ldirish kerak, – deydi  “Hamkorbank”ning Urganch xalqaro biznes markazi rahbari Egambergan Bobojonov. – Jumladan, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish vazifasini kiritish lozim.

– Davlatimiz rahbari  joylarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin, lekin mahsulotning xaridorini topish va bozorda munosib o‘rin egallash tadbirkor uchun azob, deya bir necha marotaba ta’kidlaganlari bejiz emas, – deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Ilyos Abdullayev. – Bu borada chet ellarda tarmoqli marketinglar yo‘lga qo‘yilgan. Bunday tizim bizga ham kirib kelgan, ammo ular norasmiy faoliyat olib bormoqda. Taklifim shuki, tarmoqli marketingni qonun doirasida kiritish kerak. Yana bir gap: ilgari oliy ta’lim tizimida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik asoslari fani o‘qitilar edi. Keyinchalik bu fan o‘quv dasturidan olib tashlandi. Bugun tadbirkorlik jadal rivojlanayotgan bir paytda yoshlarga, bo‘lg‘usi ishbilarmonlarga mazkur fan asoslarini chuqur o‘qitsak, o‘ylaymanki, kutilgan natijalarga avvalroq erishamiz.

Yangilangan dastur va keyingi besh yillikka mo‘ljallangan siyosiy platforma lo­yihalari Xorazm viloyatining barcha tuman va shaharlarida muhokamalardan o‘tkazilgani e’tiborga loyiq. Xususan, Xonqa tumanidagi muloqotda deputatlar va partiya faollari ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishida jo‘yali takliflar berdilar.

– Har ikki hujjatning Harakatlar strategiyasiga hamohang ishlab chiqilganligi diqqatga sazovordir, – deydi Xalq deputatlari Xonqa tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Qahramon Abdullayev. – Masala mohiyatiga bunday yondashuv belgilangan vazifalarning ijrosida uyg‘unlikni ta’minlaydi.

Partiyaning Yangibozor tuman Kengashi tomonidan uyushtirilgan ochiq muloqotda voyaga yetmaganlar tarbiyasi ustuvorlik kasb etib, huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etilishiga imkon beradigan sabablar o‘rganildi. Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan muhokamalarda maktabgacha ta’lim muassasalarining bugungi kundagi holatini yaxshilash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi.

– Mahallalar qoshida kamida besh yillik tajribaga ega psixologlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni taklif qilaman, – deydi Gurlan tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, partiyamiz faoli Nurxon Bobojonova. – Shu orqali mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga, notinch oilalar bilan individual shug‘ullanishga, ajrimlarning oldini olishga, jinoyatlar sonining sezilarli darajada pasayishiga erishgan bo‘lar edik.

Hazorasp tumanida asosan avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda tadbirkorlarga yengilliklar yaratish zarurligi, bu esa o‘z navbatida mahsulotlar tannarxining arzonlashuvi va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga olib kelishi aytildi.

Xivalik faollarimiz loyihalarga ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar. Bunda asosiy e’tibor maktablarda 1 sinfda 40 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil olayotgani, amaliy mashg‘ulotlarga joy va vaqtning yetishmasligi, sport maydonchalari va to‘garaklarni ko‘paytirish, qo‘shimcha maktab binolari qurish zarurligiga  qaratildi.

Teglar
Saylov 2019
  • Ko'rildi
    160
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+

O'xshash yangiliklar