O‘zLiDeP fraksiyasida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar atroflicha muhokama qilindi

25.12.2017, 19:45

O‘zLiDeP fraksiyasida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar atroflicha muhokama qilindi

2017 yil 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda fraksiya a’zolari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari, hamda OAVlari vakillari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni mamlakatimiz tarixida birinchi marta Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnoma va uning mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Murojaatnomada 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari o‘z ifodasini topdi. Bu esa, shubhasiz davlatchiligimiz rivojlanishida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.

Mazkur Murojaatnoma konsepsiyasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq tuzilgan. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar kabi besh qismda bu sohalarda amalga oshirilgan ishlar atroflicha bayon qilindi.

Murojaatnoma ham hajman, ham mazmunan juda keng. Uning mazmun-mohiyatida bir tamoyil mujassam. U ham bo‘lsa, xalq manfaati, xalqqa xizmat qilish, xalqni e’zozlash! Zero, Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat idoralari xalqqa xizmat qiladigan, ularning faoliyatiga xalq baho beradigan tizim yaratildi. Mamlakatimiz hayotiga doir normativ-huquqiy hujjatlar xalqimiz bilan bevosita muloqot, odamlarning xohish-istaklari asosida qabul qilinmoqda. Barcha darajadagi rahbarlar xalq oldida hisob bermoqda.

Deputatlar e’tirof etishganidek, mazkur tarixiy hujjat davlatimiz rahbarining yakunlanayotgan yil bo‘yicha xalqimiz oldidagi o‘ziga xos hisoboti hamdir. Shuningdek, unda mamlakatimizni kelgusida har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi, bir qancha qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi. Bu esa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, qolaversa O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi a’zolari zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.

– Ayniqsa, «Deputatlar, senatorlarimiz uyg‘onishi kerak», degan da’vatlari bizni yanada hushyor torttirdi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shadmanov. – Shuningdek, davlatimiz rahbari barcha sohalarda vaziyatni har tomonlama o‘rganish va mavjud muammolarni hal etish uchun ta’sirchan choralar ishlab chiqishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada kuchaytirish kerakligini ham bejizga aytmadi. Sababi, bu jarayonda ham raqamlar ketidan quvish amaliyotidan voz kechish, qog‘ozda yuzlab masalalarni hal qilgandan ko‘ra, amalda bir nechta muammoni hal qilib berish orqaligina odamlar bizlardan rozi bo‘ladi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbari taklifi bilan yangi – 2018 yilga mamlakatimizda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili», deb nom berilgani ham O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolaridan sohani rivojlanitrish va himoyalashga oid yangi-yangi qonun loyihalari ishlab chiqish talabini qo‘yadi. Chunki, kelgusi yili faol tadbirkorlikni rivojlantirish davlatimiz e’tibori markazida bo‘lishi, bu sohani qo‘llab-quvvatlash, biznes sub’ektlarini jadal va barqaror rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi, bojxona tartib-taomillarining soddalashtirilishi va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Bu esa, O‘zLiDeP Saylovoldi platformasida nazarda tutilgan Partiyaning bozor islohotlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va raqobatdoshligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalariga to‘liq mos keladi. Zero, Partiya kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, shaxsiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, iqtisodiy o‘sish sur’atlar izchilligini ta’minlash, tarkibiy o‘zgarishlar jarayonini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, jahon bozorlarida uning raqobatdoshligini oshirishning eng muhim va zarur sharti sifatida O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilishni o‘zining ustuvor vazifalari sifatida qabul qilgan.

Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi asosiy masala va qizg‘in kechgan muhokamalar yuzasidan O‘zLiDeP fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1818
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+