Andijonda o‘t yoqsam...

16.01.2020, 16:55

Andijonda o‘t yoqsam...

Oltinko‘l tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddisi nega topshiriqni bajarishdan bo‘yin tovlayapti?!

Mamlakatimizda tashabbuskor, innovatsiyalarni hayotga tatbiq etib ish o‘rinlari ochgan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanayotgan bir vaqtda ishbilarmon ayolning haq-huquqlari poymol etilayotganini mutasaddilar qanday izohlaydi? Balki bu savolga javob berishga Oltinko‘l tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Muazzamoy Abdusalomova javob berar!

Xullas, boshidan boshlaymiz. Saroy-1 mahallasida joylashgan sobiq qishloq vrachlik punkti binosi “nol” xarid qiymatida berilishi to‘g‘risidagi e’lon davlat sherikchiligi asosida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish maqsadida yurgan O‘zLiDeP Oltinko‘l tuman Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zuhraxon Sattorova uchun ko‘ngildagi ish bo‘ldi. Chunki uning bu sohadagi tajribasi ancha boy. Uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan tuman hokimi topshirig‘i bilan 2018 yil 27 martda 293-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida tadbirkorning barcha zaruriy hujjatlari tayyorlandi. Ezgu ish tez quloch yozdi. “Ko‘zmunchoq bolajon” nomidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ustavi, muhri, shtampi, “Xalq banki”ning tuman bo‘limidan ochilgan hisobraqami, loyiha ishlanmalari, texnik shart, texnik xulosalar – barchasi rasmiylashtirildi.

Sobiq QVP binosining asl holatidagi suratlari olindi va qurilish ishlari boshlab yuborildi. Tuman hokimining 2019 yil 9 fevraldagi 130-sonli qarori bilan ushbu nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qo‘shimcha yer maydoni ajratildi. Xayrli tadbirning qadamlari ham jadallashdi. Muassasa kengaytirildi. Faqat...

Birgina masala qoldi. U ham bo‘lsa, Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan tadbirkor o‘rtasidagi bitimga imzo qo‘yilishi kerak, xolos. Ushbu vazifa tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan hal etilishi joiz. Ko‘pi ketib, ozi qolganiga ishongan tadbirkor biroz erta quvongan ekan. Bu ishga mas’ul mudiraning parvoyi falak. Bir yilga yaqin muddatda ham hal bo‘lmayotgan muammo yuzasidan o‘tgan yil qish faslining ilk oyida tadbirkor hatto Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi sobiq deputati Abdurauf Abdullayevga ham murojaat qilgandi. Ammo endilikda sobiq deputat tomonidan tadbirkor murojaati yuzasidan mutasaddi tashkilotga yuborilgan deputatlik so‘rovi javobsiz qolavergani ajablanarli emasmi?

Mutasaddi shu qadar o‘z ishining “ustasi” ekanki, Z.Sattorova birgina imzo bilan boshlanadigan ezgu faoliyatiga kirisha olmasa? Qishloqda zamonaviy bog‘cha qurgan tadbirkor yana qancha kutishi kerak? Muassasaning devorlari nurab, ta’miri buzilgunga qadarmi yoxud sarsongarchilikdan charchab, boshqa biror tadbirkorga binoni noiloj “taqdim” qilgunchami? O‘zga izoh topolmadik...

Mana, yil ham yakunlandi, yangi yil boshlandi-ku. “Erta-indin hal bo‘ladi”dan  boshqa bahona topolmayotgan mutasaddining maqsad-muddaosi nima o‘zi? 

Xalq qo‘shig‘idagidek, “Andijonda o‘t yoqsam...” deguncha Toshkentda tutuni chiqmasinda ishqilib...

Zilola RAHMONOVA

Manba “XXI asr”  gazetasi

 

  • Ko'rildi
    993
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+