Deputat: adashgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish – eng muhim vazifamiz

21.01.2020, 09:13

Deputat: adashgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish – eng muhim vazifamiz

O‘zbek xalqi — azaldan bolajon xalq. Boisi xalqimiz farzandni dunyoga keltirishdan tortib, to kamolga yetgunga qadar uning ta’minoti, ta’lim-tarbiyasi va bilim olishi, kasb-hunar egallashiga alohida e’tibor qaratadi.

Mamlakatimizda bolalar huquq va erkinliklari kafolatlangan, manfaatlari muhofaza qilingan. Xususan, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari yurtimizda navqiron avlodni har tomonlama himoya qilish, turli tahdid va ma’naviy xurujlardan asrash, majburiy mehnatga jalb etmaslikka xizmat qilyapti.

Ta’kidlash joiz, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy madaniyatini oshirish, ularni turli tahdidlardan asrash, tuzalish yo‘liga kirgan kishilarni sog‘lom hayotga qaytarish choralarini ko‘rish O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining ham eng muhim vazifalaridan biridir.

Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi G‘.Babaxanov adashib jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan B.Isaqov xonadonida bo‘lib, u bilan dildan suhbat qildi.

Muloqot davomida B.Isaqov qilmishidan chin dildan pushaymon  ekanini aytib, hozirgi kunda sportning karate turi bilan shug‘ullanib kelayotganini aytdi.

“Agar biz bitta bolani to‘g‘ri yo‘lga qaytarsak, bu bizning eng katta yutug‘imizdir. Nega desangiz, bir bolaning yo‘ldan adashishidan nafaqat shu bolaning yaqinlari, balki butun jamiyat jabr ko‘radi. Shunday ekan, biz uni o‘z farzandimiz deb bilib, unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishimiz kerak”, – deydi deputat.  

Uchrashuv yakunida xalq vakili B.Isaqovga turli sport jihozlari va kiyimlari sovg‘a qildi.  

 Yulduz YuLDASHEVA,

                                                       O‘zLiDeP Namangan viloyat

 Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    764
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+