Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak

23.01.2020, 09:12

Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqida yangilanayotgan parlament oldida qator ustuvor vazifalar turganligi va deputatlardan yanada shijoat, qat’iylik, talabchanlik bo‘lishligi borasida aniq vazifalarni belgilab berdi, biz deputatlar oldida kelgusida amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan bir qator dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi, deya aniq fikrlarni o‘rtaga tashladi.

Quyi palata har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, chinakam demokratiya maktabiga aylanishi zarurligini ta’kidladi.

Haqiqatdan ham bugungi parlament xalq uyiga aylanishi kerak. Biz deputalardan, partiyamiz fraksiyalaridan elektoratimiz, xalqimiz manfaatlarini himoya qila oladigan, xalqchil qonunlarni qabul qilishga astoydil harakat qilishimiz, katta tashabbuslar ko‘rsatishimiz talab etiladi. Bunda albatta, har bir qonunlarni ishlab chiqishda aholi orasida keng muhokamalardan o‘tkazish, o‘z pozitsiyamizni ko‘rsata olishimiz, qonunlarimiz mukammal bo‘lishligiga e’tibor qaratishimiz lozim.

Prezidentimiz deputatlar asosiy e’tiborni qonunlar xalq manfaatini qanchalik ifoda etishiga qaratishi lozimgini bejizga ta’kidlamadilar.

“Darhaqiqat, xalq vakillari bo‘lgan deputatlar o‘z vakolatiga asoslanib, jasur, talabchan va qat’iyatli bo‘lishi, fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi shart. Har bir qonunning, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i, ijrosi bo‘lishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak”, dedi Prezidentimiz.

Xalq vakillari qonunlarni qabul qilishda ularning kelgusida ishlashini ta’minlaydigan chora-tadbirlarni ham ko‘rishi lozim. Shu bilan bir qatorda bugungi kunda partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlar uchun yaxlit bir tushunarli bo‘lgan iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida tadbirkorlikka oid barcha qonun va qonunosti xujjatlarini to‘liq inventarizatsiya qilish orqali “Tadbirkorlik kodeksi” loyihasini ishlab chiqish hamda investitsiya loyihalari hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlashning soddalashtirilgan tizimini joriy etgan holda yagona “Investitsiya kodeksi” loyihasini ishlab chiqish kabi vazifalarni bejizga belgilab olmagan.

Bu orqali biz elektoratimiz va xalqimiz uchun tushunarli bo‘lgan yaxlit bir qonun qabul qilish orqali ko‘plab muammolarga barham bergan bo‘lamiz.

Prezidentimizning parlament va biz deputalar oldida belgilab bergan aniq ustuvor vazifalari kelgusi faoliyatimiz davomida dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Shaxnoza Xolmaxamatova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    581
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+