Endi “oila-mahalla-o‘quv muassasasi-deputat” hamkorligini yo‘lga qo‘yamiz

22.01.2020, 17:54

Endi “oila-mahalla-o‘quv muassasasi-deputat” hamkorligini yo‘lga qo‘yamiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida aytilgan fikrlar endi yanada uyg‘oq qalb bilan yashashga, har bir topshiriqqa, har bir vazifaga yanada jiddiy talabchanlik bilan yondashishga undaydi. Ma’ruzani tinglar ekanman, xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prik sanalgan deputatlar, senatorlar uchun kelgusi davr o‘ziga xos tub yangilanish va o‘zgarishlar davri bo‘lishi ko‘z oldimda gavdalandi.  

Bugun saylovchilar ishonch bilan saylagan deputatlarimiz muhim tashabbuslar ijrochisi bo‘lishi shart. Ular ko‘plab dolzarb masalalar yechimiga xizmat qilishlari davr talabi. Xususan, birinchi navbatda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning eng samarali tizimini yaratishimiz lozim. 

Ma’lumki, uch yil avval senatorlar tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda hududlardagi muammolarni o‘rganish va mahalliy kengashlarda muhokama qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq hanuz yechilmagan muammolar istalgancha topiladi. Ayniqsa, kommunal, yo‘l qurilishi, ta’miri masalalarida ochiq qolgan savollar talaygina. Masalan, aytaylik, o‘tgan yilda Andijon tumanining Guliston va Orol qishloqlarini bog‘lovchi katta yo‘lning nosozligi yuzasidan bildirilgan murojaat yechimi 2020 yilning bahor fasliga qoldirilgandi. Endi masalaning hal etilishi uchun o‘sha hududdan saylangan partiyamiz deputati astoydil bel bog‘lagan. Mana, allaqachon ishini boshlagan safdoshlarimiz boshqalarga ham ibrat bo‘lmoqda. Bu, albatta, birgina misol. Ammo kechagi deputat bilan bugungisini yaqqol solishtirish mumkin. Endi mudrab yotish yo‘q. Yonib ishlash kerak.  

Prezidentimiz aholi o‘rtasidagi ishsizlik masalasiga ham alohida to‘xtalganlari bejiz emas. Chunonchi mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi 8,9 foizni, ayollar o‘rtasida 12,5 foizni tashkil etishini qayd etgan davlat rahbari bu muammoni bartaraf etishda senatorlar va deputatlarimiz kamarbasta bo‘lishlari shartligini ta’kidladilar. Viloyatimizning turli shahar va tumanlarida partiyamiz viloyat kengashi “Yoshlar qanoti” tomonidan 2019 yil davomida 10 dan ziyod mehnat yarmarkalari tashkil etilgan bo‘lsa, ularda 500 nafarga yaqin andijonlik yigit-qizlar o‘zlari uchun munosib ish joylariga ega bo‘ldi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni yanada yuqori darajaga ko‘tarish kerak.

Yig‘ilishdagi Prezidentimizning fikrlari biz deputatlar oldiga katta mas’uliyatni qo‘ydi. Avvalo, chekka hududlarni qamrab olamiz. Shaharlashtirish, markazlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratsak, o‘z-o‘zidan kommunal, ichki yo‘llar, ichimlik suvi singari qishloqlarda juda ko‘p uchraydigan muammolarga yechim topiladi. Yoshlar masalasida ham yil boshidan buyon bir qadar rejalarni ishlab chiqdik. Ular o‘rtasidagi ishsizlik darajasini qisqartirishda tadbirkor, fermer va ishbilarmonlarimiz katta suyanch bo‘ladi, albatta. Imkon qadar xorijga bandlik masalasida chiqib ketishlarini oldini olishga harakat qilamiz.

Davlatimiz rahbarining yana bir muammo xususidagi fikrlari bizni hushyorlik va sergaklikka chaqirdi. Chunki jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida oldimizda hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjud. Prezidentimiz bu haqda to‘xtalar ekan, o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘yicha jinoyat sodir etgan 47 mingdan ortiq shaxsning 12 ming nafari yoki 25 foizini yoshlar tashkil etgani, afsuslanarlisi, qator viloyatlar orasida bu ko‘rsatkich Andijonda ham sezilarli foizni ko‘rsatganini ta’kidladilar. Bu bizning og‘riqli nuqtamiz. Xato shundaki, ko‘pchilik tomoshabin bo‘layotgan bunday noxush holatlar uchun jamiyat bir yoqadan bosh chiqarmagan. Endi jim qarab turish yo‘q! Munosabat bildirish bilan ish bitmaydi. Jinoyatning tub ildizi qayerda? Albatta borib-borib tig‘ yana ishsizlikka taqaladi. Demak, birinchi galdagi vazifamiz bandlik! Buning uchun tadbirkorlik faoliyatlarini, biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlashimiz, ularning ish boshlashlari, yangi ish o‘rnilari yaratishlari uchun yetarli imkoniyatlarni taqdim etishimiz zarur.

Endi faoliyatimiz davomida “oila-mahalla-o‘quv muassasasi-deputat” hamkorligini yo‘lga qo‘yamiz. Negaki, ilk muammolar oilada paydo bo‘ladi, oilada yechimini topolmasa, mahallaga chiqadi, keyin jamiyatni “uyg‘otadi”. Joiz bo‘lsa, masalani mahalla va jamiyatni “qalqitmay” turib, o‘zimiz hal qilaylik. Axir xalq bizga bejiz ishonch bildirmadiku!

Yoniq qalb, uyg‘oq vijdon, halol mehnat va albatta, ishonchga munosib javob bilan ishlash vaqti kelganini Prezidentimiz fikrlaridan so‘ng yana bir bor yurakdan his qildik.

Tohirjon TOLIPOV,

O‘zLiDeP Andijon viloyat

Kengashi raisi,

xalq deputatlari

viloyat Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    752
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+