Har bir deputatimiz oldida katta mas’uliyatli vazifalar turibdi

24.01.2020, 15:21

Har bir deputatimiz oldida katta mas’uliyatli vazifalar turibdi

Bugun har qadamda yangilanish, o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘z navbatida, bu o‘zgarishlar oldimizda turgan vazifalarimizni bajarishimiz uchun imkoniyatlar yo‘lini ham ochayotir.  Bu esa bizni barcha jabhada faol va tashabbuskor bo‘lishga undamoqda. Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida aytilgan qator vazifalar ham har birimizdan ana shunday shijoatni, tezkorlikni talab etadi. Zero, bugun ish uslubimizni yangilamasak, hayotimizda yangilanish, o‘sish hosil qila olmaymiz.

Shu ma’noda yangidan shakllantirilgan parlament a’zolari, deputatlar o‘z faoliyatining mezonini ana shu qoidalarga qarab belgilashi, xalqning o‘y-fikrlari bilan hisoblashgan holda tizimlardagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar bilan chiqishi, qog‘ozda emas, amalda ishlaydigan hayotiy qonunlarni ishlab chiqishi zarurdir. Chunki istaymizmi, yo‘qmi, davlatimiz rahbari aytganidek, jamiyatda olib boriladigan islohotlarning tashabbuskori xalqimiz bo‘lishi, deputatlar esa ularning ishonchli vakili sifatida maydonga chiqishi lozim.

Davlat rahbari, endilikda deputatlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda ishlashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganishi kerakligini ham ta’kidladi. Shundagina deputat o‘z saylovchilarining, xalqning ishonchini, mehrini qozona oladi. Bugun saylandim, bo‘ldi, deb sukunatda yurish emas, ko‘proq odamlar orasida muloqot qilish, saylovoldi dasturimizda belgilangan vazifalarni aniq reja asosida amalga oshirsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Murojaatnomada ta’kidlandiki, ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. Sharq allomalari aytganidek, eng katta boylik — bu aql-zakovat, ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir. Shu bois ham bugun biz zamonaviy bilimlarni egallashimiz, raqamli texnologiyalarda ishlash tizimiga o‘tishimz eng asosiy vazifalarimizdan biridir. Ammo bu borada ko‘plab korxona va tashkilotlar raqamli texnologiyalardan yiroqda yurganligi, o‘z ustida ishlamayotganini davlat rahbari tanqid ostiga oldi. Shu bois raqamli texnologiyalarni aniq rejalar asosida har birimiz o‘z faoliyatimizga joriy qilishimiz, shunga intilishimiz kerakligi qayd etildi. Negaki, bunday texnologiyalar — ortiqcha harajatlarni kamaytiradi va eng muhimi, rivojlanish oyog‘iga kishan bo‘layotgan korrupsiyani yo‘qotishga xizmat qiladi.

Vaholanki, 2020 yilning ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilingani ham mazkur yo‘nalishda tashlangan dadil qadam bo‘ldi.  Biz deputatlar, siyosiy partiya vakillari esa ana shu dadil qadamlar ortidan ergashib, oldimizga katta maqsadlarni qo‘ymoqdamiz. Zero, Imom Buxoriy hazratlari keltirgan sahih hadisga ko‘ra, amallarimiz niyatimizga qarab bo‘ladi.

Alisher RO‘ZIYEV,

O‘zLiDeP Surxondaryo

viloyat Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    804
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+