“Durdona” loyihasi doirasida andijonlik Dilbar Ismatova kutubxona tashkil qildi

28.01.2020, 15:35

“Durdona” loyihasi doirasida andijonlik Dilbar Ismatova kutubxona tashkil qildi

Dilbar Ismatova Andijon tumanidagi Oqyor kasb-hunar kollejida tahsil oladi. Mutolaaga juda o‘ch. O‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini katta qiziqish bilan o‘qiydi. Dilbar tuman yoshlari shahar markazidagi kutubxonalarga uzoq yo‘l bosib borishiga hojat qoldirmasligi bois ham o‘z tumanida kutubxona tashkil etishni rejalashtirdi. O‘zi singari kitobga mehr qo‘yganlar uchun tashabbusni ilgari surdi. O‘zLiDeP Andijon tuman Kengashi “Ayollar qanoti” guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan g‘oyasi tuman markazida mo‘‘jazgina kutubxona tashkil qilishga turtki bo‘ldi.

-Bugun Dilbarning tashabbusi bilan ochilgan kutubxona kitobxonlar bilan gavjum, - deydi partiya tuman kengashi Ayollar qanoti guruhi rahbari Mavluda Yusupova. – Mazkur ma’naviyat maskani unutilib borayotgan ma’naviy merosimizni ommalashtirish, shu bilan “ommaviy madaniyat”ga qarshi immunitet hosil qilish, aholi, ayniqsa, ayollar o‘rtasida mumtoz adabiyotimiz va san’atimiz durdonalarini targ‘ib etish, ularning ongida milliy an’ana va qadriyatlarga nisbatan hurmat-ehtirom hissini shakllantirish maqsadlariga xizmat qilmoqda.  

Tumandagi 12-musiqa va san’at maktabida O‘zLiDeP Andijon tuman Kengashi tomonidan tuman xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ullari, tumanda mavjud kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan “Durdona” ma’rifiy loyihasi doirasidagi tadbirda Dilbar Ismatova o‘z yutuqlari bilan o‘rtoqlashib, kitob hamma zamonlarda ham zanglamas, qimmatbaxo boylik sifatida qaralganini qayd etdi. O‘zi tashkil qilgan kutubxonaga barcha xotin-qizlar va yoshlarni taklif qildi.

                                                  Naziraxon Tolipova,

O‘zLiDeP  Andijon tuman

          Kengashi ijrochi kotibi

  • Ko'rildi
    860
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+