Xalq vakillari saylovchilar huzurida

29.01.2020, 15:11

Xalq vakillari saylovchilar huzurida

Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Muhsinjon Abdurahimov o‘zi saylangan hududdagi 36-“Alisher Navoiy” va 64-“Saodat” mahallalaridagi saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda fuqarolar tomonidan mahallalarda tabiiy gaz bosimini yaxshilash, suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida kelishini ta’minlash, hududdagi qarovsiz yotgan bo‘sh yer maydonini maktabgacha ta’lim muassasasi qurishni istagan tadbirkorga biriktirib berish, mahallalar hududida yoshlar uchun sun’iy qoplamali o‘yingoh qurish, aholining ishsiz qatlamini ish bilan ta’minlash, hunarmandchilikni rivojlantirish, ichki ko‘chalarni asfaltlash kabi masalalar ko‘tarildi.

Deputat yil davomida mazkur muammolarni bosqichma-bosqich hal etishni va’da berib, yillik ish rejasiga ushbu masalalalarni kiritdi.

– Kechagina Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishida deputatlar haqida gapirib, deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim, deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi, butun jamiyatimiz uyg‘oq bo‘ladi, deya bejizga ta’kidlamadi. U xalq vakili bo‘ladimi, yoki tashkilot rahbari, shu Vatan, shu yurt ertasi uchun o‘zini mas’ul sifatida ko‘rishi kerak. Shu sababli, o‘z deputatlik faoliyatimda fuqarolarning turmush tarzini yaxshilash, mavjud muammolarni hal etishda bor salohiyatimni safarbar etaman, - deydi deputat M.Abdurahimov.

Deputatlarimiz joylarda saylovchilar bilan uchrashib, ularning muammolariga oqilona yechim topishida astoydil harakat qilmoqda.

M.Yusupov,

O‘zLiDeP Qo‘qon shahar Kengashi

 appparat rahbari

  • Ko'rildi
    168
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+