Sirdaryolik tadbirkor parrandachilik orqasidan 1 milliardga yaqin foyda ko‘rdi

30.01.2020, 15:21

Sirdaryolik tadbirkor parrandachilik orqasidan  1 milliardga yaqin foyda ko‘rdi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi yoshlar bilan ishlash bo‘limi  Oqoltin gidromelioratsiya kasb-hunar kolleji bitiruvchilari hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida yurgan yoshlar uchun biznes sayohat uyushtirdi.

Dastlab ishtirokchilar viloyatda tuyaqushchilikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan tajribali tadbirkor Doniyor Toshpulatov faoliyati bilan tanishdi.

Partiya faoli D.Toshpulatov yosh bo‘lishiga qaramay tadbirkorlik  faoliyati orqasidan millionlab daromad olayotgan yoshlardan biri. Ayni paytda u rahbarlik qilib kelayotgan “Sirdaryo oqoltin straus” MChJda yuzga yaqin tuyaqush, mingga yaqin o‘rdak, g‘oz, kurka va tovuq parvarishlanmoqda. Ishbilarmon yigitga 17 gektar yer ajratib berilgan.

“Bir necha yil muqaddam Rossiyaga ishlagani bordim, – deydi Doniyor Toshpo‘latov. – Olis o‘lkalardagi fermer xo‘jaliklarida tuyaqush boqib daromad olinayotgani meni qiziqtirib qo‘ydi. Qishloqqa qaytgach, Farg‘ona viloyatidan 4 ta tuyaqush olib kelib parvarishlay boshladim. Keyinchalik ularni ko‘paytirish barobarida Eron, Belgiya, Afrika va Ukraina tuyaqushlarini olib kelib, viloyat hududida sohani rivojlantirishga qiziquvchi tadbirkorlarga bera boshladim. O‘zimiz qurgan ikki qavatli binoning birinchi qavatiga 280 ta tuyaqush tuxumi sig‘adigan zamonaviy inkubator o‘rnatib, jo‘ja ochirishni yo‘lga qo‘ydim”.

Doniyor dastlab “Xalq banki” tuman bo‘limidan 125 million, sal vaqt o‘tib “Sanoatqurilishbank” viloyat filialidan 600 million so‘m miqdorida kredit oldi. Shu kunga qadar tuyaqushchilik va parrandachilik orqasidan 1 milliardga yaqin foyda ko‘rdi.

Tadbirkorning aytishicha, parrandaning bu turi 50 yil yashaydi. 30-35 yil mobaynida tuxum beradi. Asosiysi, bu jonivor ovqat tanlamaydi, qolaversa, alohida joy, o‘ziga xos parvarishni ham talab qilmaydi. 20 daraja sovuqdan 50 daraja issiqqacha bemalol yashayveradi.

“Tuyaqush tuxumi 2 kilogrammgacha tosh bosibgina qolmay, uning po‘sti shu qadar mustahkamki, qo‘l bilan sindirib bo‘lmaydi. Tuxum xolesterinsiz, uning qobig‘idan turli suvenirlar yasash mumkin. Po‘stlog‘i tabiiy kalsiyga boyligi uchun tibbiy maqsadlarda ishlatiladi. Terisi pishiqligi va egiluvchanligi bo‘yicha timsohnikidan keyingi o‘rinda turadi”, – deydi tadbirkor.

Ma’lum qilinishicha, tadbirkor endilikda sohani rivojlantirish barobarida tuyaqush terisidan sumka, poyabzal tikishni, tirnog‘idan esa turli taqinchoqlar ishlab chiqarishni yo‘l qo‘yish harakatida. Ayni chog‘da u Qozog‘iston davlati bilan tuyaqush yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

“Tadbirkor bilan suhbat juda maroqli o‘tdi, – deydi Hojiakbar Turg‘unov. – U bizga tuyaqush boqishning barcha sir-asrorlari haqida tushunchalar berdi. Tengdoshlarim qatori menda ham parrandachilikka katta qiziqish uyg‘ondi. Chunki, qishloqda tadbirkorlikning bu turini tashkil qilish uchun barcha sharoitlar yetarli”.                                

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    514
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+