Davlatimiz rahbari aniq rejalarni alohida belgilab berdi

03.02.2020, 12:22

Davlatimiz rahbari  aniq rejalarni alohida belgilab berdi

Xabaringiz bor, joriy yilning 24 yanvar kuni barchamiz mamlakatimiz taraqqiyotidagi muhim voqeaga guvoh bo‘ldik. Konstitutsiyamizning 93-moddasi 7-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mamlakat tarixida uchinchi marotaba Oliy Majlis palatalariga aniq ustuvor maqsadlarni qamrab olgan Murojaatnoma yo‘lladi. Murojaatnoma  doirasida xalqimizning ehtiyojlari va orzu umidlari,  amalga oshirilayotgan  islohotlardagi keskin muammolar hamda  ushbu  yilda ularni hal qilishga oid aniq rejalar  belgilandi.

Navbatdagi  Murojaatnoma  ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik qator dolzarb  masalalarni o‘z ichiga  oladi.  Biz mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy partiya sifatida, qolaversa, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha  to‘la javobgarlikni olgan siyosiy kuch sifatida o‘zimizning barcha  imkoniyatlarimizni  Yurtboshimiz tomonidan mazkur  Murojaatnomada belgilab berilgan  maqsadlarga  erishish yo‘lida faol  va  samarali ishtirok etish uchun  to‘la safarbar etmog‘imiz lozim.

 Olimizda turgan ustuvor vazifalardan biri xalqni,  davlat organlari,  fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyatlari Murojaatnomadagi  g‘oyalar atrofiga  birlashtirish,  jamiyat va davlat hayotidagi barcha sohalarda demokratlashtirish  jarayonini   davom ettirishdir. Tarixiy Murojaatnomada aytilgan va partiyamiz platformasining mazmunini  ifodlaydigan  “demokratik  islohotlar – bizning  yagona  va eng ishonchli yo‘limizdir” degan so‘zlari  partiyamizning  muhim shioriga aylandi.

Prezidentimizning Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan navbatdagi tarixiy Murojaatnomasining quyidagi o‘ziga xos xususiyatlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam.  

Birinchidan, 2020 yil  mamlakatimizda “Ilm-ma’rifat  va raqamli  iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon  qilindi va shu bilan ilmiy va texnologik  taraqqiyotning muhimligi, har birimizning  raqamli  bilimlar va axborot texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishimiz zarurligiga alohida urg‘u berildi. Partiyada to‘plangan tajribadan kelib chiqib shuni  ayta olamizki, ijtimoiy tarmoqlar va Internetdagi ommaviy saytlarda partiya targ‘iboti imkoniyatlaridan foydalanish o‘tgan parlament saylovlarida o‘z samarasini berdi. Shu bois, O‘zLiDeP o‘z faoliyatida ushbu yo‘nalishni tubdan rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Chunki kelajagimiz aynan ana shu soha rivoji bilan bevosita bog‘liq.

Ikkinchidan, “raqamli  iqitisodiyot”ni shakllantirish bo‘yicha  ulkan  vazifalar  ma’lum qilindi. Bu ko‘plab sa’y-harakatlarni birlashtirishni talab  qiladi,  chunki buning uchun tegishli infratuzilma, mablag‘ va mehnat resurslari zarur. Haqiqatan ham  gap  uzoq muddatda  “to‘rtinchi sanoat inqilobi” arafasida O‘zbekistonning raqobatbardoshligini ta’minlash  haqida bormoqda. Istiqbolli, strategik qarashlarga ega bo‘lgan Yurtboshimiz O‘zbekistonni  innovatsion taraqqiyotga, “raqamli iqtisodiyot” va “axboriy jamiyat”ni shakllantirish sari yo‘naltirmoqda. Biz ishonamizki, har birimizning manfaatimiz uchun raqamli texnologiyalarni joriy etish  barcha sohalarni rivojlantirishga va insonlar hayotini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar davlatimiz rahbari eng jiddiy muammo sifatida dard va alam bilan tilga olgan  korrupsiyaga qarshi kurashda samarali vosita hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashda  aholining barcha qatlamlari, ekspertlar, mutaxassislar, olimlarni jalb qilish lozim. Bizning partiyamiz “halollik vaksinasi” ni singdirishga tayyor, biz O‘zLiDePda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan “murosasizlik (qat’iylik) muhiti”ni  yaratamiz.

Biz  korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha  muhim vazifa sifatida siyosiy arboblar va davlat xizmatchilarining mablag‘lari va molk-mulklari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashtirish va deklaratsiya qilishning yangi tizimini joriy qilish, davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunni, elektron xaridlar tizimini takomillashtirish kabi masalalarini ko‘rib chiqayapmiz. Ayni damda, biz korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yagona  organni tashkil qilish g‘oyasini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

 Amalga oshirilayotgan islohotlarga jiddiy to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo – “xufyona iqtisodiyot”dir. O‘zLiDeP bu borada sog‘lom raqobatni  shakllantirish va O‘zbekistonda  qulay investitsiyaviy  muhitni yaratish tarafdoridir.

Biz  bozor relslari va mexanizmlariga o‘tish “xufyona iqtisodiyot”ga qarshi kurashishning samarali  usullaridan biri deb hisoblaymiz. Masalan, fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga bozor mexanizmlarini  joriy etish muhim ahamiyatga egadir. Bu  borada  Prezidentimizning  paxta va bug‘doy yetishtirishda  davlat xaridi amaliyotini bosqichma-bosqich  bekor qilish to‘g‘risidagi gaplari n ayniqsa fermerlarni ruhlantirib yubordi.

Uchinchidan, O‘zLiDeP, Oliy Majlis  Qonunchilik  palatasidagi  partiya fraksiyasi davlatimiz rahbarining Murojaatini o‘zining qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatining muhim yo‘nalishi  deb  qaraydi.

Xususan, partiya fraksiyasi o‘zining  siyosiy platformasidan hamda Yurtboshimiz Murojaatidagi vazifalardan kelib chiqib, eksportni rivojlantirish, Mahalliy kengashlarga bo‘ladigan saylovlarning uch bosqichli tizimini optimallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini liberallashtirish uchun  litsenziya berish tizimini o‘zgartirishga xizmat qiladigan  qator  qonunlarni yaratish kabi qonun ijodkorligi faoliyatiga darhol kirishadi.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va qurilish sohalarini moliyalashtirishning samaradorligi, tashkil etilayotgan Eksportni qo‘llab-quvvatlash fondi va Eksport-kredit agentligi faoliyati, Hukumatimiz tomonidan mahsulotlarni  xalqaro  talablarga muvofiq standartlarini ishlab chiqish va markirovkalashning  qabul qilinishi kabi  partiya  elektorati uchun  muhim masalalar parlamentning  jiddiy nazorati ostida bo‘ladi.

To‘rtinchidan, O‘zLiDeP, uning  butun deputatlik korpusi oldida  ham o‘z saylovchilari, umuman aholi bilan olib boriladigan ish samaradorligini jiddiy ravishda oshirish vazifasi turibdi. Biz har bir deputatimizni tegishli Xalq qabulxonasi bilan  doimiy ravishda va  izchil asosda birga ishlashi uchun unga  biriktirishni rejalashtirayapmiz. Bu bir tomondan, partiyamizga insonlarning eng muhim muammolarini  hal etishda faol ishtirok  etish, boshqa tomondan  xalqimiz ishonchini oqlagan va  uning hurmatiga sazovor bo‘lgan holda o‘zining saylovoldi  va’dalarini  bajarish imkonini  beradi.

Beshinchidan, davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi  Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusi ham O‘zLiDeP uchun alohida ahamiyatga egadir. Bizningcha ushbu palata  shubhasiz jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi. Mazkur mexanizm  mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi  muhim masalalar bo‘yicha  qarorlar  qabul  qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar o‘tkazish mexanizmini mustahkamlaydi. Bizning fikrimizcha, siyosiy partiyalar  vakillari  Jamoatchilik palatasi ishining samaradorligini oshirishga o‘z hissalarini  qo‘shishlari lozim.

Umuman olganda,  Murojaatnomada alohida ta’kidlanganidek, 2019 yilda  “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tkazilgan  saylovlar tufayli mamlakatimizda mutlaqo ochiq, shaffof demokratik vaziyat shakllandi. Shu bois partiyalarning  siyosiy  faolligini  oshirish  muhim vazifa hisoblanadi va shunday bo‘lib qoladi ham. Bu har bir  partiya faoli, har bir deputatimizning saylovlardagi g‘alabadan keyin yanada  samarali faoliyat yuritish kerakligini anglatadi. Maqsadimiz – barcha Saylovoldi va’dalarimizni sidqidildan bajarish, bu orqali xalqimiz hayot  darajasini  yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishdir.  Ana shu maqsadda  mas’ul  idoralar bilan hamkorlikda  saylovoldi  uchrashuvlar chog‘ida  aholi tomonidan ko‘tarilgan  dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha aniq  dasturlar va “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilishi boshlandi.

Aktam XAITOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Qonunchilik

palatasidagi O‘zLiDeP

fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    748
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+