O‘zLiDePda Prezident ishtirokidagi videoselektorda belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosi muhokama qilindi

13.02.2020, 17:54

O‘zLiDePda Prezident ishtirokidagi videoselektorda belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosi muhokama qilindi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamkorligida davra suhbati tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish hamda 12 fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida bildirilgan fikrlardan kelib chiqib partiya oldidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari yaqinda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomasida korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra barvaqt oldini olishga o‘tish kerakligini ta’kidlab, unga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi. Shu sababli partiya korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yagona organni tashkil qilish g‘oyasini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki, korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy to‘siqlardan biridir.

Ta’kidlanganidek, ushbu illatga qarshi kurashishdagi yana bir muhim vositalardan biri – jamoatchilik nazorati hisoblanadi. Bugungi kunda yurtimizda 10 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Lekin ularning o‘rni va faolligi sezilmayapti. Chunki bu tashkilotlar manfaatlarini ifoda etuvchi, davlat bilan ko‘prik vazifasini bajaruvchi yaxlit tizim yo‘q.

Shundan kelib chiqqan holda davlatimiz rahbari tomonidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida Jamoatchilik palatasi tashkil etish va uning tashkiliy-huquqiy asoslari, vazifalarini aniq belgilab berdi. Bu esa siyosiy partiyalarga xususan, O‘zLiDeP oldida ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Davra suhbati ishtirokchilari davlatimiz rahbarining mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan tanqidiy fikrlar yuzasidan ham munozaralar olib borishdi.

Mahallalarda qator to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish maqsadida Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirilgani tadbir ishtirokchilari o‘z vaqtida chiqarilgan qaror deb baholashdi.

Tadbirda mahalla tizimini tubdan o‘zgartirish borasida belgilab berilgan bu kabi aniq vazifalar parlamentda faoliyat yuritayotgan O‘zLiDeP deputatlari oldida ham ulkan mas’uliyat yuklashi ta’kidlab o‘tildi.

Shundan kelib chiqqan holda partiya va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiya a’zolari, mahalliy kengashlarga saylangan deputatlari mahalla fuqarolar yig‘ini bilan doimiy hamkorlikda ishlash, saylovchilardan kelib tushayotgan muammolarni va murojaatlarni o‘rganish, tegishli tashkilotlar orqali o‘z vaqtida yechim topishida faollik ko‘rsatishi aytib o‘tildi.

Davra suhbati davomida tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlariga xizmat qiladigan qator qonun loyihalari ham muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonun loyihalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish yuzasidan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlash aksiyadorlik jamiyatlari, mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardagi zamonaviy hamda xalqaro talablarga javob bermaydigan normalarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni talab etmoqda.

Amaldagi qonun hujjatlarida faqat aksiyadorlik jamiyatlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, banklar korporativ obligatsiyalar chiqarishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Lekin korporativ obligatsiyalar chiqarishga qo‘yilgan amaldagi shartlar va talablar ushbu jarayonni aksariyat aksiyadorlik jamiyatlari uchun ham qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihalarning asosiy maqsadi korporativ qimmatli qog‘ozlarning chiqarishga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish, respublikadagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, milliy fond bozori raqobatdoshligini oshirish, amalga oshirilayotgan loyihalarga aholi va institutsional investorlarning bo‘sh resurslarini jalb qilish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga imkoniyat yaratishdan iborat.

Shundan kelib chiqqan holda, qonun loyihalari bilan bir qator yangiliklarga yo‘l ochilmoqda. Xususan, mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarga korporativ va infrastruktura obligatsiyalari chiqarish huquqi berilmoqda. Mazkur normaning amaliyotga joriy etilishi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 150 mingga yaqin mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarga korporativ va infrastruktura obligatsiyalarni chiqarish imkoniyatini yaratadi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat tashqi investitsiyalarni, balki, ichki investitsiyalarni ham iqtisodiyotga keng jalb etish imkonini oshiradi.

Shuningdek, korporativ va infratuzilma obligatsiyalari chiqarish shartlari endilikda “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari bilan emas, balki qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi (Kapital bozorini rivojlantirish agentligi) tomonidan belgilash tartibi joriy qilinmoqda.

Tadbirda tegishli vazirlik, tashkilotlar va tadbirkorlar tomonidan respublikamizda qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi va istiqboldagi dolzarb vazifalar belgilab olindi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    516
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+