Korrupsiyaga qarshi murosasizlikning yangicha tizimi yaratiladi

13.02.2020, 18:06

Korrupsiyaga qarshi murosasizlikning yangicha tizimi yaratiladi

Keyingi paytlarda korrupsiya haqida juda ko‘p va xo‘p gapirilmoqda. Davlatimiz rahbari ham deyarli har bir yig‘ilishlarida, ma’ruzalarida bu masalaga alohida to‘xtalib, ushbu illatga barham berish kerakligini ko‘p gapirmoqda.

Joriy yil 11 fevral kuni Prezidentimiz boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu illatni oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilib, tegishli vazirlik va idoralarga kompaniya va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi “komplayens nazorat” tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Korrupsiya darajasini tadqiq qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot – “Transparency International” indeksida O‘zbekiston so‘nggi uch yil ichida 12 pog‘onaga yuqorilagani hali bu borada ijtimoiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. Xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bank, bojxona, ayniqsa, kommunal xizmat sohalarida aniqlangan korrupsiya alomatlari hissasi ortiqligi tashvishli holat.

Shu o‘rinda korrupsiya haqida biroz to‘xtalib o‘tsak. Korrupsiya –– bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Ushbu  illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi. Afsuski, ushbu illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, ammo hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.

Bugun biz ushbu illatga qarshi qanday kurashyapmiz? Bu borada olib borilayotgan ishlar yetarlimi? Ochig‘ini aytganda, bugun biz faqatgina kichik hajmdagi maishiy korrupsiya bilan kurashishga o‘ralashib qoldik va bu borada qilinayotgan ishlarni baralla jar solishga odatlandik. Bugungi holatdan kelib chiqib aytishim mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashni vakolatli mansabdorlardan boshlash kerak, shu bilan birga jamiyatimizning yozilmagan qonunlariga, an’analariga barham berish zarur.  

Nega deganda har doim biror muammo bilan kurashilganda aybdorni topib jazolashdan ko‘ra, sababni topib bartaraf etish samaraliroqdir. Yaqinda telegram kanalaridan birida shu mavzuda qiziq argument va misollar o‘qib qoldim. Unda muallif aytganidek, bir necha yil oldin bank tizimida valyuta ayriboshlash jarayonlarida bu illat chuqur ildiz olgan edi, bugun esa bunday yo‘l tutishdan manfaatdorlik qolmadi. Yoki tadbirkorlik uchun yer maydoni ajratishda korrupsion yo‘l eng ma’quli bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu jarayonda inson omili aralashuvi bartaraf etildi. Solishtirish uchun, yo‘l patrul xodimlari (GAI)lar orasida esa korrupsiya haliham yuqoriligicha qolmoqda. Savol tug‘iladi, nega? Chunki haydovchi qoida buzsa to‘lanadigan jarimalar nihoyatda yuqori. Natijada u jarimadan qutulish uchun YPX inspektoriga pora taklif qiladi. Sababi jarima to‘lashdan pora berish fuqaro uchun qulay. Shunday ekan, ushbu illat bilan kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarni emas, balki har bir deputatning, fuqaroning asosiy vazifasi bo‘lmog‘i lozim. Boisi bu jarayonlarning har bir bosqichida siz-u biz ishtirok etamiz, pora taklif qilgan ham, uni olgan ham siz va biz kabi fuqarolar. Keling mana shu korrupsiyaning mamlakatimiz ravnaqiga, kelajagiga putur yetkazayotgani haqida ko‘proq o‘ylaylik, uning mamlakat iqtisodiyoti uchun ortiqcha yuk ekanligini, farzandlarimiz kelajagi uchun to‘siq bo‘lishi haqida atrofdagi insonlar bilan fikr almashaylik. Bu borada barcha mas’ul tashkilot va muassasalar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish, bunday jarayonlarda inson omilini kamaytirish, mukammal tashkiliy-huquqiy asoslarni yaratish va samarali jazo tizimini ishlab chiqish eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblayman. 

Doniyor G‘ANIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

 OzLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    649
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+