O‘zLiDeP deputati Navro‘z Rizayev Urgutdagi Jo‘robtepa tibbiyot muassasasini qayta tiklash tashabbusi bilan chiqdi

13.02.2020, 18:20

O‘zLiDeP deputati Navro‘z Rizayev Urgutdagi Jo‘robtepa tibbiyot muassasasini qayta tiklash tashabbusi bilan chiqdi

Samarqand  viloyati, Urgut tumanidagi “Ibn Sino” nomli 3-shifoxona Jo‘robtepa, Qiyonli, Eshonrabot, Beshkapa, Bekrabot, Zambarak, Jozmon, Mirzaqishloq, Vag‘ashti, Sariqtepa, Kamongaron, Nisavot va Ipakli qishloqlarining 70 mingga yaqin aholisiga xizmat ko‘rsatgan.

Muassasada 20 o‘rinli tug‘ruqxona, 30 o‘ringa ega bolalar bo‘limi, bir vaqtning o‘zida 40 dan ortiq bemorlarga xizmat ko‘rsatadigan ginekologiya, terapiya va reanimatsiya bo‘limlari mavjud edi. Ushbu shifoxona faoliyati Vazirlar Mahkamasining qarori asosida, 2008-2009 yillardagi optimizatsiya jarayonida to‘xtatilgan.

Ayni kunlarda mahalliy aholi salomatligini tiklash uchun 20-30 kilometr uzoqlikda joylashgan tuman markazidagi yoki Samarqand shahridagi shifoxonalarga qatnashga majbur bo‘lmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Navro‘z Rizayev tuman saylovchilari bilan o‘tkazilgan muloqotda shifoxonani  qayta ishga tushirish bo‘yicha aholidan bir qator murojaatlarni qabul qildi.

Mazkur murojaat yuzasidan deputat tashlandiq ahvoldagi binoni xususiy sektorga berish bo‘yicha o‘z takliflarini tuman hokimligi va tegishli tashkilotlarga taqdim etganini bildirdi.

- Bugun sog‘liqni saqlash tizimida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun xususiy tibbiyot muassasalarini ko‘paytirish, ularga keng yo‘l ochishimiz kerak, - dedi Navro‘z Rizayev. - Davlatimiz rahbarining talabi ham shu. Jo‘robtepadagi tibbiyot muassasasini ishga tushirish uchun investor ham topilgan.

Deputat urgutliklar bilan uchrashuv jarayonida Qo‘yitegana mahallasidagi hasharda ishtirok etib, aholi bilan ariq qazdi. Tumandagi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga sportning milliy kurash turi bo‘yicha mahorat darslarini o‘tdi.

Baxtigul QARShIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand

viloyat Kengashi

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1382
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+