Aktam Xaitov: Korrupsiyaga qarshi kurashishning yakka-yu yagona yo‘li – jamoatchilik nazoratini kuchaytirish

13.02.2020, 18:25

Aktam Xaitov: Korrupsiyaga qarshi kurashishning yakka-yu yagona yo‘li – jamoatchilik nazoratini kuchaytirish

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra barvaqt oldini olishga o‘tish kerakligini ta’kidlab, unga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi. Oradan qisqa vaqt o‘tib, davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalasini ilgari surdi. Bu – juda ham muhim masala.

Chunonchi, korrupsiya – jamiyatning iqtisodiy taraqqiyotini izdan chiqarib, insonlar o‘rtasida notenglikni yuzaga keltiruvchi, ayrim mansabparast shaxslarning qo‘lida mablag‘ to‘planib, shuning hisobiga jamiyat tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘luvchi, qisqacha aytganda, butun dunyo mamlakatlari oldida dolzarb muammo sanaluvchi jirkanch illat hisoblanadi. Afsuski, bizning jamiyat ham bunday illatdan mustasno emas.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, korrupsiya nima o‘zi? Korrupsiyaning kelib chiqish ildizi qayerda? Korrupsiya bugun qaysi sohalarda keng tarqalgan?

To‘g‘ri, bu haqda hammaning o‘ziga xos tasavvuri, tushunchasi bor, albatta. Korrupsiya bu – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir. U xalqning davlat va uning organlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi, jamiyatning axloqiy asoslarini yemiradi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning vujudga kelishi va chuqurlashishiga sabab bo‘ladi. Agar biror soha jadal rivojlanmayotganining sabablari xolis va chuqur o‘rganilsa, ulardan biri, albatta, korrupsiya ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Keyingi paytlarda matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, tadbirkorlar hanuzgacha yer ajratish, kadastr, qurilish, litsenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalarda korrupsiyaga duch kelayotgani haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib, eshitib turibmiz. Eng yomoni, bu illat iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy to‘siqlardan biri bo‘lmoqda. Chunki korrupsiya jamiyat ildizini tubidan qo‘poruvchi illatdir. Unga qarshi barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib kurashmasak, mamlakat kelajagini halokatga olib borishi, shubhasiz. Shu boisdan, bunga yo‘l qo‘ymaslik va korrupsiya jinoyatiga butunlay barham berish uchun fuqarolarimiz ongida korrupsiyaga qarshi nafrat, uni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslik tuyg‘usini shakllantirishimiz lozim. Aynan partiyaning dasturiy maqsadi ham korrupsiyaga qarshi kurashib, bu borada parlament palatalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalarining vakolat va funksiyalarini kuchaytirish orqali ko‘zlangan natijaga erishishdir. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashishda deputatlar tashabbuskor bo‘lmas ekan, oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erishish qiyin bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ham ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Ayniqsa, Jamoatchilik palatasi tashkil etish taklifini bildirgani ayni muddao bo‘ldi. Sababi ushbu illatga qarshi kurashishning yakka-yu yagona yo‘li bu – jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdir. Jamoatchilik palatasi esa aholi fikrini muntazam ravishda o‘rganib borib, ularning yechimini topish bo‘yicha davlat idoralari oldiga aniq vazifalar qo‘ya oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash har kuni, har lahzada har bir fuqaro tomonidan amalga oshirilishi kerak. Chunki jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu illatning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi. Shunday ekan, korrupsiyaga qarshi endi so‘zda emas, amalda jiddiy kurashishimiz zarur.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari, Spiker o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    1593
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+