Deputat bilan yoshlar uchrashuvida talabalar shaharchasiga aylangan hududda birorta ham kitob do‘koni yo‘qligi aytildi

14.02.2020, 16:01

Deputat bilan yoshlar uchrashuvida talabalar shaharchasiga aylangan hududda birorta ham kitob do‘koni yo‘qligi aytildi

Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati Fazliddin G‘aybullayev “Deputat va yoshlar” loyihasi doirasida Samarqand Arxitektura va qurilish instituti qoshidagi akademik litsey  o‘quvchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda litsey o‘qituvchilari va o‘quvchilari tomonidan deputatga 10ga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Jumladan, ta’lim muassasasining birinchi kurs talabasi Rayhona Rabbimova  hududdagi transport bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda amaliy yordam so‘radi.

- Men Hazora bozori atrofidagi mahallada yashayman. Ilgari 79 – yo‘nalishli avtobus  uyimizni oldidan ta’lim dargohimizga kelar edi. Hozirda ushbu yo‘nalishli avtobus qatnamayapti. Litseyga kelguncha ikkita avtobus almashib sarson bo‘layapmiz. Ushbu yo‘nalishdagi transport xizmatini yo‘lga qo‘yishda yordam bersangiz, - dedi R.Rabbimova.

Litsey o‘qituvchisi Muqaddas Abduhakimova esa, hududda kitob do‘koni yo‘qligidan shikoyat qildi.

- Bizning litseyimiz shaharning chekkasida joylashgan bo‘lishiga qaramasdan, bugun bu yer talabalar shaharchasiga aylangan. 2 ta oliy, 3 ta o‘rta maxsus bilim yurtlari joylashgan hududda birorta ham kitob do‘koni yo‘q, - dedi M.Abduhakimova –O‘quvchilar darslik yoki adabiyotlar sotib olish uchun shahar markaziga ketishsa, ulardan havotir olaman. Partiya faollari ko‘magida hududda kitob do‘koni qurilishida amaliy yordam berishsa hursand bo‘lar edik.

Uchrashuvda yo‘l muammolari, chorrahalarga svetaforlar o‘rnatish va boshqa masalalar bo‘yicha ham qator murojaatlar kelib tushdi. Mazkur murojaatlar yuzasidan deputat tegishli tashkilotlarga so‘rov yuboradigan bo‘ldi.

Baxtigul Qarshiyeva

O’zLiDeR Samarqand

viloyat Kengashi

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    688
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+