Farg'onalik OʻzLiDeP faollari Mo‘ynoqda bo‘lib, Orolning qurigan joyida to‘rt yuz kilogrammga yaqin saksovul urug‘ini ekishdi

14.02.2020, 16:15

Farg'onalik OʻzLiDeP faollari Mo‘ynoqda bo‘lib,  Orolning qurigan joyida to‘rt yuz kilogrammga yaqin saksovul urug‘ini ekishdi

Ilgari Mo‘ynoq desa, Orol tark etgan, tuz koniga aylangan olis tuman ko‘z oldimizda gavdalanar edi. Endilikda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Mo‘ynoqqa bo‘lgan e’tibor butunlay o‘zgardi. Mo‘ynoq bugungi kunda yurtimizning eng olis va chekka tumani emas, balki qaynoq voqealar markazidagi hududlardan biriga aylandi.

Hozirda Yurtboshimiz tashabbusi bilan Orol suvi tortilgan hududlarda saksovulzorlar barpo etilayotir. Quvonarlisi, bu xayrli ishga yurtimizdagi barcha fuqarolar, keksa-yu yosh o‘z hissasini qo‘shmoqda. Prezidentimizning “Madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi” degan purma’no so‘zlari bugun hayotimizda o‘z aksini topmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugun barcha yo‘llar bizni Mo‘ynoq tomon eltmoqda.

O‘zini shu yurtning fuqarosi deb bilgan har bir inson umid bilan saksovul urug‘ini ekish uchun Orol tomon oshiqmoqda. Bu ishda OʻzLiDeP faollari ham tashabbuskorlar safida bo‘lmoqdalar. Xususan, yaqinda partiyaning Farg‘ona shahar Kengashi deputati, Farg‘ona xalqaro aeroporti rahbari Mirodil Madaminov bir guruh partiya faollari bilan Mo‘ynoqda bo‘lib, Orolning qurigan joyida to‘rt yuz kilogrammga yaqin saksovul urug‘ini ekib, yaqin kelajakda barpo etiladigan o‘rmonzorlarga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Orol muammosi jahon hamjamiyati muammosi ekanligini dunyo tan oldi. Xususan, davlatimiz rahbari 2017 yil Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-assambleyasida yuksak minbardan turib “Yana bir bor e’tiboringizni zamonamizning eng dolzarb ekologik muammolaridan biri — Orol fojiasiga qaratmoqchiman.

Orol fojiasining xaritasiga e’tibor qiling. Fikrimcha, bu yerda izohga hojat yo‘q. Dengiz qurishi oqibatlarini bartaraf etish bugungi kunda xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi faol harakatlarini talab qiladi. Biz BMTning bosh kotibi ilgari surgan fikr — “suv, tinchlik va barqarorlik masalalari bir biriga uzviy bog‘liqdir”, degan so‘zlariga to‘laqonli qo‘shilamiz. Ishonchim komilki, suv muammosini hal qilishda bu mintaqa va xalqlarning manfaatlarini teng hisobga oladigan boshqa yechim yo‘q”, degan edilar.

— Bugun Orol taqdiri shu yurtda yashaydigan har bir insonni tashvishga solayotgani ayni haqiqatdir. Orolni qayta to‘ldirish chorasiz bo‘lsa ham ekologik holatni yaxshilash imkoni bor ekanligini bilamiz. Mana shunday ezgu ishga hissa qo‘shish fuqaro sifatida mening ham asosiy burchimdir. Ishonchim komil, hali Mo‘ynoq turizmi rivojlangan markazlardan biriga aylanadi. U yerdagi muhit, fuqarolar ahil-inoqligi, eski uylar o‘rnida yangi ob’ektlar qad rostlayotgani, “Qizil kitob”ga kiritilgan qushlarning parvozi meni o‘ziga rom etgan bo‘lsa, “Kemalar qabristoni” etimni jimirlatdi, — deydi biz bilan suhbatda Mirodil Madaminov.

Shohsulton TO‘XTAMATOV,

OʻzLiDeP Farg‘ona

viloyati Kengashi

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    152
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+