A.Xaitov: mahallamiz tinch va obod bo‘lishi, hayotimizga fayzu baraka inishi uchun hammamiz mas’ulmiz

14.02.2020, 16:35

A.Xaitov: mahallamiz tinch va obod bo‘lishi, hayotimizga fayzu baraka inishi uchun hammamiz mas’ulmiz

Mahalla tizimi jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahalla instituning vazifa va vakolatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tizimidagi rolini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Uni rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.    

Xususan, oxirgi uch yilda mahalla institutiga oid 38 ta qonun va me’yoriy hujjatlar qabul qilindi, 50 dan ortig‘i takomillashtirildi. Jamiyat hayotida jonbozlik ko‘rsatgan soha xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblarining oylik ish haqi o‘tgan yilning o‘zida 1,5 barobarga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada tezlashtirdi. E’tiborlisi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish bo‘yicha qilingan ishlar natijasida ushbu institutning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kengaydi.

Chunonchi, ijtimoiy hayotimizda dunyo­ning boshqa joyida uchramaydigan  noyob  tizim – mahalla institutining alohida o‘rni bor.  Har bir insonning yurish-turishi, dard-u muammolari, quvonchu tashvishlari avvalambor mahallada yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, farzand­lar tarbiyasida mahallada shakllangan ma’naviy-ma’rifiy muhit, urf-odat va an’analar muhim o‘rin tutadi.

Afsuski, keyingi paytlarda mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilayotgan amaliy ishlarga qaramay, mahallalarda hali hamon salbiy holatlar uchrab turibdi. Eng yomoni,  ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar ko‘paygan. Shuningdek, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar orasida o‘z joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli.

Prezidentimiz 12 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu masalalarga alohida e’tibor qaratib, mahalla faoliyatini tubdan yangilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi.  Shu bilan birga ushbu ulkan sohaga mas’ul alohida davlat idorasi – Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifini bildirdi. Bu – juda ham muhim masala. Sababi yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi va ularning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlaydi.

Yana bir muhim jihati shundaki, vazirning birinchi o‘rinbosari endilikda oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalarga mas’ul etib belgilanmoqda. Vazir o‘rinbosari esa keksalarni ijtimoiy rag‘batlantirish, yoshlarda vatanparvarlikni mustahkamlash masalalari bilan shug‘ullanadi. Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, tomorqa va obodonlashtirish, ekologiya, bandlikka ko‘maklashish masalalariga mas’ul o‘rinbosar lavozimini joriy etilishi ham ko‘pchilikning dilidagi gap bo‘ldi. Boisi endilikda “Har bir oila tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hunarmandchilik” dasturlari doirasida mahallalarga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun arzon kredit mablag‘lari ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobiga sartaroshxona, novvoyxona, shuningdek, hunarmandchilik, tikuv, qandolatchilik sexlari, otalar choyxonasi, guzar maskanlari tashkil etiladi. Buning natijasida ko‘plab yoshlar, xotin-qizlar bandligi ta’minlanadi.

Hammamiz mahallada yashaymiz, yaxshi kunlarimiz, turmush tashvishlarimiz el bilan birga. Mehr-oqibat, ahillik, tinchlik, vatanparvarlik kabi ezgu tushunchalar ongu shuurimizga mahallada singgan. Shunday ekan, mahallamiz tinch va obod bo‘lishi, hayotimizga fayzu baraka inishi uchun Prezidentimizga kamarbasta bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan ishlarga kuzatuvchi emas, ishtirokchi bo‘lishimiz zarur.

 Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari, 

Spiker o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    74
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

М.Омоликов Халқ депутатлари Шароф Рашидов туман Кенгаши депутати2020-02-18 15:41:25

Юқоридаги барча фикрларга қўшилган ҳолда, биз депутатлар фаоллигимизни жуда кескин тарзда амалга оширишимиз керак.


Fikringizni qoldiring

+