Deputat fuqarolar murojaatlarini qabul qilish qutilari o‘rnatdi

18.02.2020, 16:42

Deputat fuqarolar murojaatlarini qabul qilish qutilari o‘rnatdi

O‘zLiDeP Samarqand shahar Kengashi raisi, Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati Farmon Ochilov Obirahmat, Rasadxona, Qir mahallasida bo‘lib, aholi muammolarini o‘rgandi.

Uchrashuvlarda aholidan 10 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Muloqotlar chog‘ida Obirahmat mahalla oqsaqoli Zafar Haqqulov hududda 1979 yilda yotqizilgan suv quvurlari eskirganligidan shikoyat qildi va ularni almashtirishda deputatdan amaliy ko‘mak so‘radi.

- Ushbu masala buyicha qator tashkilotlarga murojaat qildik. Ichimlik suvi quvuri yorilsa, uni payvandlashni iloji bo‘lmayapti, chunki eskirib ketgan. Shu sababli yoriqlarga pona qoqayapmiz. Ichimlik suv quvuri bilan hazillashib bo‘lmaydi. Chunki yoriqlardan infeksiya tushib kasallik tarqalib ketishi ham mumkin, - dedi mahalla oqsaqoli Z.Xaqqulov.

Saylovchilar hududdagi sim yog‘ochlarni almashtirish va tungi yoritgichlar o‘rnatish yuzasidan ham xalq noibiga murojaat qildi.

- Sim yog‘ochlarimiz eskiligidan qish-kuz oylari shamol yog‘ingarchilik paytlari elektr-energiyasi ta’minotida tez-tez uzilishlar bo‘lib turadi. Mahallamiz hududida “Xo‘ja Doniyol” ziyoratgohi joylashgan. Yoz oylarida kechqurunlari ham bu yerga sayyohlar tashrif buyurishadi. Shunday paytlarda tungi yoritgichlar yo‘qligidan hijolatda bo‘lamiz, - dedi oqsaqol Erkin Saidov.- Murojaatimiz e’tiborga olinib, muammolarimiz hal bo‘lsa, biz nuroniylar duo qilamiz.

Mahalladagi 96-uyda yashovchi No‘mon Raupov esa keyingi paytda elektr-energiyasidan kelayotgan noreal qarzdorlikdan shikoyat qildi. Rasadxona mahallasi oqsaqoli Zokirjon Safarov esa, Cho‘ponota hududida paydo bo‘lgan chiqindilarni tozalashda amaliy ko‘mak so‘radi.

- Ushbu hudud Samarqand shahrining eng bahovo joylaridan biri. Ammo keyingi yillarda kechalari bu yerga noqonuniy tarzda kurilish chiqindilarini tashlab ketilishi holatlari kuzatilayapti. Qoidabuzarlarni tutib jazolash uchun kechalari navbatchilik ham tashkil qildik, ammo ularni tartibga olishni iloji bo‘lmayapti, - dedi Z.Safarov. - Hududni chiqindilardan tozalashda amaliy ko‘mak bersangiz. O‘zimiz tozalaylik desak mahallada texnika yo‘q.

Kelib tushgan mazkur murojaatlar yuzasidan deputat Farmon Ochilov mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari chiqaradigan bo‘ldi.

Shuningdek, uchrashuvlar jarayonida har bir mahallada xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati Farmon Ochilovning fuqarolar murojaatlarini qabul qilish qutilari o‘rnatildi.

Baxtigul Qarshiyeva

O‘zLiDeP Samarqand

viloyat Kengashi

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    753
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+