Suvning oqishiga boq, xalqning xohishiga

18.02.2020, 16:47

Suvning oqishiga boq, xalqning xohishiga

Xalqda topib aytilgan shunday maqol bor. Bugun bu maqolning mag‘zini yaxshi anglagan deputatlarimiz o‘z saylovchilarining xohishiga, muammolariga quloq tutishmoqda.

Uzun tumanidagi "Yangi yo‘l" mahallasida Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Alisher Ro‘ziyev ham o‘z saylovchilari bilan uchrashdi. Unda deputat mahalla ahlini qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi.

Uchrashuvda mahalla fuqarosi Hamroqul Rajabov ishga joylashish, Anvar Rajabov va Zokir Xaitovlar esa tadbirkoligini rivojlantirish uchun tijorat bankidan imtiyozli kredit olishga amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

- Bugungi kunda “Yangi yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 5- “Gulg‘uncha” maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda, — deydi Alisher Ro‘ziyev. — Biroq ushbu tashkilot mahalladagi barcha bog‘cha yoshidagi bolalarni qamrab ololmaydi. Farzandini bog‘chada tarbiyalanishini istovchilar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shuning uchun mazkur tashkilotda yana 2 ta qo‘shimcha guruh ochilishi yuzasidan mahalla ahli murojaat qilishdi. Shundan so‘ng, 5-“Gulg‘uncha” MTTga borib, o‘rganilganda, binoda barcha sharoitlar yaratilgani, lekin bog‘cha binolaridan bitta korpusida pardozlash ishlari yakunlanmagani oydinlashdi.  Shundan kelib chiqib, tashkilotda yana 2 ta guruh ochilishi va tugallanmagan korpusni oxirigacha ta’mirlash bo‘yicha viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasiga deputatlik so‘rovi chiqarildi. Yana bir masala, mahalladagi “Yoshlik” ko‘chasidagi simyog‘ochlarning aksariyat qismi qo‘lbola qilib o‘rnatilgan va simlari eskirib qolgan. Ularni yangi simyog‘ochlarga va simlarga almashtirish bo‘yicha ham mutaxassislar, tegishli tashkilotlar bilan bog‘lanib, uning ijobiy yechimi uchun harakat qilyapmiz.

Uchrashuv davomida M.Safarova Yoshlik ko‘chasiga tosh to‘kilishi kerakligini, kuz-qish mavsumida loygarchilikdan odamlar aziyat chekishayotganini aytdi. Mahallaning yana bir fuqarosi Feruza Xo‘janova  2 yoshgacha beriladigan bola pulini olishda, Ismoil Niyozov esa mahallada ichimlik suvi, gaz olib kelinishi hamda qabriston qurilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi.

O‘rganilgan barcha masalalar yuzasidan deputatlik so‘rovlari chiqarilib, ularga yechim topilishi belgilab olindi.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    65
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+