Spiker o‘rinbosari Aktam Xaitov Qarshi shahrida talabalar bilan uchrashdi

21.02.2020, 14:58

Spiker o‘rinbosari Aktam Xaitov Qarshi shahrida talabalar bilan uchrashdi

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali talabasi Farruh Qodirov yaratgan innovatsion texnologiyalar bugungi kitobxon uchun juda ajoyib tuhfa, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning dasturchi tengdoshlari bilan yaratgan onlayn kutubxona tizimi - “QR-Book stendi” ni shartnoma asosida ko‘plab buyurtmachilar xarid qilishmoqda.

- Jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlari elektron tarzda jamlangan bu onlayn kutubxona tizimi orqali har bir kitobxon qo‘l telefoniga o‘zi istagan asarni yuklab olishi mumkin, - deydi talaba Farruh Qodirov. – Hozirgi kunda “QR-Book stendi”ni xarid qilgan kitobxonlar bizga rahmat aytishmoqda.

Farruh bu fikrlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi va partiya vakillaridan tashkil topgan ishchi guruhi Toshkent axborot texnologiyalari institutining Qarshi filialida talabalar bilan o‘tkazgan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Muloqotda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati yoshlarga keng tushuntirib o‘tildi. Tadbirda so‘z olgan Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Aktam Xaitov bu galgi Murojaatnoma tom ma’noda mamlakatimizni yanada yuksaltirish, taraqqiyotini ta’minlashga qaratilganini aytib, unda ayniqsa, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashga alohida e’tibor berilganini ta’kidladi. O‘zLiDeP rahbari iqtidorli talaba kashfiyotlariga yuqori baho berib, bunday iqtidorli yoshlarni partiya doim qo‘llab-quvvatlashligini bildirdi.

Yoshlar bilan muloqot juda qizg‘in kechdi. Ayniqsa, 4-kurs talabasi To‘lqin Baratovning bugungi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan xabar va maqolalarning ba’zilari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi xususidagi fikrlari ko‘pchilik diqqatini tortdi. Institut bo‘lim boshlig‘i Sherbek Normatov, dekan o‘rinbosari Hojiakbar Egamberdiyev, o‘qituvchilar Dilafro‘z Nurjanova, Ixtiyor Isobekov, talabalardan Jahar Orziqulov, Doniyor Mahmatqulov va boshqalar o‘zlarining taklif va mulohazalari bilan ishtirok etishdi.

Ishchi guruhi a’zolari o‘qituvchi va talabalardan tushgan takliflarni qayd etishar ekan, bu takliflar vaqti kelib, qonunlarga o‘zgarishlar kiritishda asqotishi mumkinligini bildirishdi.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    161
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+