O‘zLiDeP ishchi guruhi yakkabog‘lik saylovchilar bilan ham muloqot qilib, muammolarini o‘rgandi

21.02.2020, 15:08

O‘zLiDeP ishchi guruhi yakkabog‘lik saylovchilar bilan ham muloqot qilib, muammolarini o‘rgandi

Avval xabar berganimizdek, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolaridan tarkib topgan ishchi guruh qashqadaryolik saylovchilar bilan muloqot qilib, muammolarini o‘rganmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmahamatova  Yakkabog‘ tumanida bo‘lib, tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonalarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifati va bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Muloqotlar jarayonida tuman tibbiyoti zamonaviy uskunalarga muhtoj ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ayniqsa, jonlantirish bo‘limidagi tibbiy uskunalar almisoqdan qolgan, o‘z umrini o‘tib bo‘lganligi bois kasalliklarni aniqlashda muammolar yuzaga kelayapti. Birlashma bo‘limlariga 10 dona IVL, 5 dona Avtoklav va 10 dona EKG apparatlari zudlik bilan keltirilishi kerak. Bunday uskunalarning yo‘qligi bois bemorlarning birlashmaga bo‘lgan ishonchlari yo‘qolgan. Kasallikni aniqlash va malakali tashhis uchun 80 km. yo‘l bosib, Qarshi shahriga qatnamoqdalar. Shifokorlarning ham bilim va malakalarini oshirish borasida ham ko‘p ish qilinishi kerak.

- Bino yo‘qligi uchun bir odamning xonadonidagi 2 ta xonani vaqtincha olib, bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatayapmiz, - deydi Uyg‘ur QVP mudiri Ashur Rahmonov. – Muassasamizdagi sharoit o‘ziga yarasha. Shunday bo‘lsa-da, odamlar shifo istab kelishayapti. Hududdagi kollejlar faoliyatini tugatgach, ularning binosi maktablarga berildi. Bizga bo‘shab qolgan maktab binosini berishsa ham yomon bo‘lmasdi. Ammo mutasaddilardan sado chiqmayapti.

Tog‘oldi O‘rta qishlog‘ida ham QVP binosi yo‘qligi uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish moslashtirilgan binoda olib borilayapti. Deputat mazkur tibbiyot muassasalarini zamonaviy bino bilan ta’minlash, tog‘oldi qishloqlaridagi sel yuvib ketgan 5 ta ko‘prikni qayta qurish uchun mablag‘ ajratish borasida mutasaddilarga murojat etishini bildirdi. Shuningdek, Majnuntol ko‘chasidagi chirib ado bo‘lgan, odamlar hayotiga xavf solib turgan simyog‘ochlarni yangilariga almashtirish borasida tuman elektr tarmoqlariga murojaat etildi.  

Shundan so‘ng tumandagi “Kumush kuz fayzi” agrofirmasida bo‘lib, parrandachilikni rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishib, jamoa a’zolari bilan muloqot qildi. Bu yerda kuniga 180 ming dona tuxum ishlab chiqarilib, katta qismi Afg‘oniston va Tojikiston respublikalariga eksport qilinmoqda. Olingan foyda evaziga “Al Kamol” savdo majmuasi barpo etilgan.

Cho‘mich mahallasida yashovchi tadbirkor Iskandar Meyliyev ko‘p yillardan buyon novvoychilik bilan shug‘ullanib, aholi dasturxonlariga bejirim va sifatli obi nonlarni tortiq etib qelmoqda. Yaqinda u tadbirkorligini kengaytirib, xonadonidagi 2 sotix maydonda issiqxona tashkil etib, ko‘kat va sabzavot mahsulotlari yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ygan.

- Oliy Majlis deputati bilan o‘nga yaqin oilaviy tadbirkorlar bilan muloqot qilib, ularni aholi bandligi va farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishdik, - deydi tuman kengashi apparat rahbari Mahmadali Qulbulov. – Tadbirkorlarni qiynab kelayotgan o‘nga yaqin muammolarni maqbul yechimlarini topishda O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi amaliy yordam berishini bildirdi. Tuman aholisi bandligi va farovonligini oshirish borasida kengashimiz va deputatlarimiz hamkorligida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdik va amalga oshirishga kirishdik.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    292
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+