Tadbirkorlik va qurilish sohasidagi muammolar yechimiga bag‘ishlangan muloqot o‘tkazildi

25.02.2020, 19:23

Tadbirkorlik va qurilish sohasidagi muammolar yechimiga bag‘ishlangan muloqot o‘tkazildi

Chirchiq shahrida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Toshkent viloyat kengashi tomonidan xususiy tadbirkorlik va qurilish biznesini rivojlantirish, undagi muammolar va ularni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan amaliy muloqot tashkil etildi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, joriy yilning ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilinishida ham mamlakatimizda barcha sohalar qatori iqtisodiyotimizning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ushbu sohaga yangi texnologiyalarni jalb qilish, shu orqali iqtisodiyotimizni yuqori bosqichga olib chiqish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqqan holda partiya joylarda o‘z elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan muloqotlar qilib, sohani yanada rivojlantirishga va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq yechimlar izlamoqda.

Yig‘ilishda mamalakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida erishilgan yutuqlar, ularga yaratib berilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar xususida alohida to‘xtalib o‘tildi. Bugun kunda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda ushbu sohada yechimini topishi lozim bo‘lgan ba’zi muammolar ko‘zga tashlanayotganligi tahlil qilib o‘tildi.

Xususan, statistik ko‘rsatkichlar tahlil qilinganda, ko‘rsatkichlarimiz umumiy tarzda o‘sgan, lekin, iqtisodiyotimizning katta qismini tashkil qiluvchi kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini, iqtisodiy holatini tahlil qilish e’tibordan chetda qolayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Bunda albatta, hududlar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarining yalpi ichki mahsulotdagi umumiy ulushi yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lsada, biroq har bir tadbirkorlik sub’ektlariga mahsulot ulushi kam ko‘rsatgichni tashkil etayotganligi tahlillarda namoyon bo‘lib qolmoqda.

Bu esa sohani ichiga kirib, korxonalar bilan yakka tartibda ishlash lozimligini ko‘rsatmoqda. Agar barcha sohadagi korxonalarimiz barqaror faoliyat yurita olsa, nafaqat iqtisodiy samaraga, balki ko‘plab ijtimoiy muammolarga yechim topiladi.

Shundan kelib chiqqan holda tadbir ishtirokchilari tomonidan hududlarimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda hokimlikdan tortib tegishli mutasaddi tashkilotlarning ham mas’uliyatini oshirish, har bir tuman hokimligi budjetiga qo‘shimcha daromadlarni ta’minlash uchun o‘zi izlanishi, bu yo‘lda tadbirkorlar sonini ko‘paytirib borish, odamlarni ishbilarmon qilish, tadbirkorlarga sharoit yaratib berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

O‘zLiDeP saylovoldi dasturida xususiy tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish masalalariga ustuvor vazifa sifatida qaratilgan bo‘lib, partiya ushbu sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga, tadbirkorlarimizga yanada imkoniyatlar yaratib berilishiga, har bir masalada parlament va deputatlik nazoratini yanada kuchaytirishga astoydil harakat qiladi.

Muloqot davomida qurilish biznesini rivojlantirish, bu boradagi muammolar va ularni bartaraf etish masalalari ham muhokama qilindi. Bu borada tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Muhokamalar jarayonida qurilish sohasida korrupsiya holatlarining yuqoriligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qurilish ishlariga aralashuvning ko‘pligi va ob’ektni qisqa muddatda topshirishga qo‘yilayotgan talablar imoratlarning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani tanqid qilindi.

Tadbir davomida tadbirkorlar va ishbilarmonlar sohadagi ba’zi muammolar, to‘siqlar borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Muhokamalar qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    222
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Rustam2020-07-30 20:00:28

Шахсий бизнес ун Канака кп и каттан осам болади магазин очмохчидм


Fikringizni qoldiring

+