50-To‘da saylov okrugi hududidagi muammolarga yechim topildi

26.02.2020, 15:55

50-To‘da saylov okrugi hududidagi muammolarga yechim topildi

Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari Zokir Xodjayev va Dilmurod Xodiyev 50-To‘da saylov okrugidagi mahallalar aholisi bilan uchrashdi. Mutasaddi tashkilot vakillari ishtirokidagi muloqotda aholi vakillaridan 20 dan ortiq murojaat va takliflar o‘rtaga tashlandi.

Aholining aksariyati hududdagi ko‘chalarning ayanchli ahvolidan arz qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, yo‘llar shag‘allanmaganligi bois aholi vakillari, hattoki mashinalar yog‘ingarchilik paytida yurishga qiynalmoqda.

Muloqot davomida Marg‘izor qishlog‘idagi ko‘prikni kengaytirsh masalasi ham aholi tomonidan ko‘tarildi.

Bundan tashqari Chambil ko‘chasidagi yo‘l chetlari elektr stolbalari o‘rnatish uchun kovlab ketilgan bo‘lsada, hozirga qadar elektr ustunlari o‘rnatilmaganligi bois, chuqurliklar aholi uchun jiddiy xavf solayotganligi aniqlandi.

Yuzma-yuz muloqotda ko‘tarilgan masalalarning aksariyati tez fursatda ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

- Bugungi uchrashuvda aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarga, imkon qadar aniqlik kiritildi. Hududdagi 34-maktabga piyodalar yo‘lakchasi chizish masalasi 2-3 kun ichida hal etiladigan bo‘ldi, ko‘chalarni shag‘allashtirish ishlari ham shu yilning aprel oyigacha yakuniga yetkaziladi. Bu ishlarni to‘liq bajarilishini deputatlarimiz ham, shaxsan o‘zim ham nazorat qilib boraman, - deydi Norin tuman hokimi o‘rinbosari Saydullo Siddiqov.

Muloqot yakunida o‘rganish vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan daxldor tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari kiritilib, ijrosi nazoratga olindi.

Yulduz YULDASHEVA,

O‘zLiDeP Namangan viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    744
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+