“Yozib olganingiz bilan baribir qog‘ozda qolib ketadi...”

26.02.2020, 16:30

“Yozib olganingiz bilan baribir qog‘ozda qolib ketadi...”

Bu gapni murojaat qilgan yigit baralla aytdi. Hamma eshitdi, deputatlar ham. Ammo hech kim parvo qilmadi, javob ham bermadi. Menga og‘ir botdi. Aytilgan gap otilgan o‘q degani rost ekan. Yuragimdan o‘tib ketdi. Chunki men ham shu yigit ko‘tarayotgan muammolarni yon daftarchamga yozib olgan edim-da.

Shu gap menga sira tinchlik bermadi. O‘sha yigit haqligini yuragimdan o‘tkazdim. To‘g‘ri, aytilgani og‘izda, qayd qilingani qog‘ozda qolib ketgan davrlar ham bo‘ldi. Axir bugun boshqacha-ku! Ochiq jamiyat sari odim tashlayapmiz, so‘z, fikr, matbuot erkinligi hayot darajamizni, ongu tafakkurimizni yangicha o‘zanga solib yubordi.

Deputatlar 5 yil “uxlaydi” degan gaplarni ilgari beparvo eshitishgan bo‘lishsa, bugungi deputatga aytib ko‘ring-chi! Nima javob olasiz. Mana, birgina misol: Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O'zLiDePdan saylagan deputat Shahnoza Xolmahamatova Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi avtomobil borishi qiyin bo‘lgan yolg‘izoyoq yo‘llar orqali boriladigan 35 ta qishloqning 13 tasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish qoniqarsiz ahvolda ekanini o‘rgandi. Ilgari bu qishloqlarga Qonunchilik palatasi deputati tugul mahalliy kengash deputatining ham oyog‘i yetmagan.

Bu qishloq odamlari birinchi tibbiy yordam olish uchun 6-7 kilometr yo‘l bosishi kerakligi deputatni juda tashvishlantirdi. Qish-qirovli kunlarda bu hudud aholisi tibbiy xizmatdan butkul uzilib qolayotgani noroziliklarga sabab bo‘layotganini aytmaysizmi? Aholining istak va hoxishlaridan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan Yakkabog‘ tumanining tog‘li hududlarida joylashgan Ishkent, Tutak, Kaltaqo‘l, Zarmas, Guldara, Honaqa qishloqlarida qishloq oilaviy poliklinikalarini yangidan qurish taklif qilindi.

Yakkabog‘da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tuman tibbiyot rahbari Oysanam Boboqulova tog‘li hududlarda shifokorlar yetishmasligi, tibbiyot oliygohlarini bitirib kelgan yoshlar shaharga intilayotgani haqida aytgan bo‘lsa, “Tez tibbiy yordam” bo‘limi shifokori O‘ktam Alimardonov shifoxonaga 330 million so‘mlik reanimatsiya apparati, 6 dona 879 million so‘mlik sun’iy nafas oldirish apparati zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi mas’ul xodimi Umida Gaziyeva, Yakkabog‘ tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Oysanam Boboqulova hamda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari Feruza Sattorova, Nargiza Salomovalar bilan hamkorlikda tumanda tibbiy xizmatni yaxshilash, uzoq tog‘li hududlarga tibbiy hizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasidagi takliflar muhokama qilindi. Bu hali hammasi emas, muammolar Oliy Majlisgacha olib boriladi. Ishqilib qog‘ozda qolib ketmasa bo‘ldi. Buyog‘i esa deputatga, parlamentga so‘zini uqtira olishiga, “uyg‘oqligiga” ko‘p tomonlama bog‘liq.

O'zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    741
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+