O‘zLiDeP Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan nazoratni boshladi

26.02.2020, 18:04

O‘zLiDeP Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan nazoratni boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yig‘ilishidagi ma’ruzasida Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi deputatlar tomonidan doimiy nazoratga olinishi zarurligi alohida ta’kidlab o‘tilgan edi. Jumladan, davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida: “Keyingi paytda hudud va mintaqalarimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmdagi mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Lekin bu mablag‘larning to‘g‘ri va samarali ishlatilishini nazorat qilish borasida, avvalambor, shu hududlardan saylangan deputatlarimizning ishtiroki deyarli sezilmayapti”, degan edi.

Shundan kelib chiqib, O‘zLiDePdan saylangan deputatlar — mazkur martiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari tomonidan Davlat budjeti va maqsadli jamg‘armalar hisobidan ajratilgan mablag‘larning natijadorligini hisobga olgan holda, ularning maqsadli va samarali ishlatilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 iyuldagi farmoyishi bilan Toshkent viloyatining tuman (shahar)lari ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tizimini hamda toza ichimlik suv bilan ta’minlash orqali aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida Davlat budjetidan qo‘shimcha ravishda 1100,0 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Haqiqatda 2019 yilda 1054,6 mlrd. so‘m moliyalashtirilgan va 1094,3 mlrd. so‘mlik ishlar bajarilgan. Jumladan, umumta’lim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun 56 ta ob’ektda 193,9 mlrd. so‘m, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun 71 ta ob’ektda 305,6 mlrd. so‘m, ichimlik va oqova suv tarmoqlari tizimini yaxshilash uchun 34 ob’ektda 312,0 mlrd. so‘m hamda avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va joriy ta’mirlash uchun 547 ta ob’ektda 282,8 mlrd. so‘mlik ishlar bajarilgan.

Bugungi kunda ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri yo‘naltirilgani, bajarilgan ish hajmlarining sifati hamda maqsadli va samarali ishlatilayotgani bo‘yicha Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan tekshirishlar o‘tkazilmoqda.

O‘zLiDePning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi a’zolari tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda, haqiqiy holatni o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Biz — parlament a’zolari Davlat budjeti mablag‘larining har bir so‘mi maqsadli va samarali sarflanishi hamda natijadorligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Atxam NAZIRQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    684
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+