Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari A.Xaitov Surxon yoshlari bilan muloqot qildi

27.02.2020, 11:06

Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari A.Xaitov Surxon yoshlari bilan muloqot qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari, O‘zLiDeP faraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Surxondaryo viloyatidagi korxona, tashkilot, muassasa va aholi xonadonlarida bo‘lib, saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda.

Partiya yetakchisi dastlab surxondaryolik faol yoshlar bilan uchrashdi. Samimiy, turli taklif va mulohazalarga boy o‘tgan uchrashuvda A.Xaitov Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida o‘rtaga tashlangan masalalar va qilinajak vazifalar xususida to‘xtalib, ularning jamiyat va bizning hayotimizda qanday ahamiyatga ega ekanligini hayotiy misollar bilan tushuntirib berdi. Jumladan, yer berish masalasiga doir qonunchiligimizdagi kamchiliklar, to‘y-hashamlarni ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, dabdabalarsiz o‘tkazish, raqamli iqtissodiyotning afzalliklari, O‘zbekistonda mukammal shakllantirilmagan sug‘urta bozori hamda kambag‘alchilikni kamaytirishda “Namunali tomorqachi”larni ko‘paytirish yo‘llari haqida aniq tahlillarga asoslangan fikrlar bildirildi.

Viloyat kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashgan jamiyati binosida o‘tkazilgan uchrashuvda partiyaning Termiz shahar hamda viloyat Kengashlari deputatlari, “Ayollar qanoti” va Yoshlar bilan ishlash bo‘limi vakillari ham  ishtirok etishdi. Unda ishtirok etgan partiyaning faol yoshlari esa qator takliflarini aytib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan deputatlarga murojaat qilishdi.

— Sir emas Oltinsoy tumani uzumchilik va olma yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlardan biri, — deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Termiz filiali talabasi Farhod Rajabov. — Ammo bizda yetishtiriladigan olma navlari eksportbop emas, ya’ni uzoq saqlanmaydi. Samarqand viloyatida turkiyalik ishbilarmonlar tomonidan olmaning “pink ledi” degan navi yetishtirilishini eshitganman va u ichki bozorga emas, balki faqat chetga eksport qilinadi. Bu olma navi asosan, Yevropa davlatlariga eksport qilinadi, xolos. Vohada ham ana shu olmani o‘zimizning olma navlariga payvandlab, yetishtirishni yo‘lga qo‘yish lozim. Keyin bizda mevalarni payvandlash, yangi navlar yaratishni o‘rgatadigan maktablar yo‘q. Yoshlar uchun ana shunday maktablar tashkil etilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

— Men Farg‘ona viloyatining Vodil qishlog‘idan bu yerga o‘qishga kelganman, — deydi yana bir talaba Sadoqat Sharofiddinova. — Bizning Vodil qishlog‘imizda malina mevasi yetishtiriladi va aholining ko‘pchiligi shundan daromad qiladi. Surxondaryoda ham Vodilning ob-havosiga o‘xshash salqin hududlar bor. Masalan Boysun tumani. Ana shu tumanda malina yetishtirish yo‘lga qo‘yilsa, voha aholisi ham bu foydali mevadan bahramand bo‘lishardi. Qolaversa, yilda bir martagina bozorlarda bir-ikki ko‘rinish berib, ustiga-ustak o‘ta qimmat narxda sotiladigan bu mevaning narxi ham hamyonbop bo‘lardi. 

A.Xaitov bu takliflarga javoban, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi homiyligi asosida “Tomorqachilar maktabi” tashkil etilishi, shuningdek, malina yetishtirmoqchi bo‘lgan tashabbuskorlar uchun kerak bo‘lsa, Vodilga yuborib bo‘lsa-da tajriba alamashishiga ko‘maklashish, kredit yoki yer ajratilishi bilan bog‘liq masalalarda ham ko‘maklashishini bildirdi.

Bundan tashqari, talabalar, o‘qituvchilar Termiz shahridagi avtobuslar harakati, shaharda avtobuslar to‘xtashi uchun bekatlar yetarlicha qurilmagani, oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha qabul kvotalari hududlardagi ehtiyoj va talablarga qarab ham imtiyoz berilishi, o‘qishga kira olmay, uyda bekor qolgan yoshlarni jamoat tashkilotlari nazoratga olib, ularni foydali ish bilan band qilish haqidagi takliflarni ham aytib o‘tishdi.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1152
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+