O‘zLiDeP rahbari “Surxon keramiks” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

27.02.2020, 12:25

O‘zLiDeP rahbari “Surxon keramiks” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Avval xabar qilganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyari rahbari Aktam Xaitovning navbatdagi uchrashuvi Termiz tumani “Nurafshon” mahallasidagi “Surxon-keramiks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi.

Mazkur korxonada keramika mahsulotlari, kafel va o‘tga chidamli g‘isht ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda 1 kunda 30 tonna o‘tga chidamli g‘isht, 1000 kvadrat metr kafel ishlab chiqarilmoqda. 120 nafar kishi shu korxonada ishlab rizq terib, ro‘zg‘or tebratayapti.

— Korxonada ishlayotganimga 4 oy bo‘ldi, — deydi korxona ishchisi Aziz Ro‘ziyev. — Mehnati uncha og‘ir emas. Bu yerda kafellarni presslash jarayonini nazorat qilib turaman. Shikastlanganlari bo‘lsa, ularni alohida ajrataman. O‘zim Qiziriq tumanidan bo‘lganim uchun bu yerda uzoqdan keladigan ishchi-xizmatchilar uchun qurilgan yotoqxonada turaman. Sharoitlar yaxshi. Issiq ovqat, maxsus transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Maoshimiz esa qilgan ishimizga qarab, ishbay haq to‘lanadi.

“Surxon-keramiks” korxonasi mamlakatimiz bozorini keramika mahsulotlari, kafel va o‘tga chidamli g‘isht bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Korxonani tashkil etish maqsadida qiymati 75 milliard so‘m bo‘lgan loyiha uchun bo‘sh yotgan bino ajratilib, Xitoyning “Haloon co ltd”. kompaniyasi liniyasi o‘rnatilib, yiliga 10 ming tonna o‘tga chidamli g‘isht va plitkalar, 180 ming kvadrat metr turli rangdagi mayolika mahsulotlari ishlab chiqarish tashkil etilgan. Muhimi, korxonada import o‘rnini qoplaydigan mahsulotlar ishlab chiqariladi. G‘isht va plitkalar 1 ming 600 gradus haroratgacha chidamli, pardozbop keramikalar uzoq yillar rangini yo‘qotmaydi.

Yana bir afzalligi korxonada o‘rnatilgan texnika va uskunalar energiya tejamkor. Ya’ni ushbu korxona boshqa muqobillariga nisbatan energiyani 10, 15 foiz kam sarflaydi. Korxona mahsulotlaridan foydalanish shahar va qishloqlarimiz qiyofasini yanada ko‘rkamlashtirishga xizmat qiladi.

Korxona mahsulotlari asosan tog‘-kon metallurgiya, sement, metall, shisha va chinni ishlab chiqarish hamda tarixiy obidalarni ta’mirlashda ishlatiladi.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    2181
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+