O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” Prezidentimizning farmoni ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan muloqot tashkil qildi

28.02.2020, 11:29

O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” Prezidentimizning farmoni ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan muloqot tashkil qildi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi “Ayollar qanoti” va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda “Ipoteka-bank” ATIB bilan hamkorlikda “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida davlat va nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar oldida turgan dolzarb vazifalar” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlari, bank vakillari, xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Davlatimiz rahbari mahalla tizimida o‘tgan vaqt mobaynida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda ushbu tizimdan xalq ham, davlat ham to‘la rozi emasligi, bu sohada kamchilik va dolzarb masalalar ko‘pligini alohida ta’kidlagan edi. Xususan, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilmaganligi, oqibatda ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar ko‘payganligi, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar orasida o‘z joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli holat ekanligiga e’tibor qaratgandi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etilishi ushbu tizimda to‘planib qolgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq, har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilishi belgilab berildi. Mazkur tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatish vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bunda eng avvalo, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish, notinch va muammoli oilalarga manzilli ko‘maklashishni tashkil etish; xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish masalalariga alohida etibor qaratiladi.

Shu bilan bir qatorda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayollarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalari ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Tadbirda mazkur hujjatda belgilab berilgan bu kabi ustuvor vazifalar partiya “Ayollar qanoti” oldida ham ulkan mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.

Partiya mahalla tizimi bilan hamkorlikda “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hunarmandchilik” dasturlari doirasida eng chekka hududalarda istiqomat qilayotgan ayollarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun arzon kredit mablag‘lari ajratilishiga yaqindan ko‘maklashadi.

Tadbirda partiya “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol”, “Farovon oila”, “Bunyodkor ayollar”, “Sog‘lom oila – mustahkam oila” kabi qator loyihalarni yanada ommalashtirish lozimligi ta’kidlab o‘tildi. Partiya ushbu loyihalar orqali xotin-qizlarning salomatliklarini ta’minlash, kasalliklarning barvaqt oldini olish, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etish, eng chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan va uyda o‘tirgan ishsiz ayollarni tadbirkorlikning turli yo‘nalishlariga jalb qilish va bu orqali xotin-qizlarning bandligini ta’minlashni maqsad qilgan.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylangan deputatlar mahalla fuqarolar yig‘ini bilan doimiy hamkorlikda ishlash, saylovchilardan kelib tushayotgan muammo va murojaatlarni o‘rganish, tegishli tashkilotlar orqali o‘z vaqtida yechim topishga e’tibor qaratish lozimligi borasida vazifalar belgilab olindi hamda ishtirokchilarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan yangi Qonunlar mazmun-mohiyati tushuntirildi.

  • Ko'rildi
    1009
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+