Termiz tumanidagi tadbirkorlarni nima qiynayapti?

28.02.2020, 16:15

Termiz tumanidagi tadbirkorlarni nima qiynayapti?

Xabar qilganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Termiz tumani hokimi Shuxratjon O‘rinov bilan tumandagi ishbilarmonlar va tadbirkorlar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolari bilan qiziqishdi.

— O‘zim yashayotgan uyda 8 xona bo‘sh turibdi, — deydi tumandagi “Kokildor ota” mahallasi fuqarosi Ozoda Allayorova. — Uy-bog‘cha ochish niyatidaman. Qolaversa, turmush o‘rtog‘im bilan birga yaqinda mahallamiz hududida yangi do‘kon qurib, ishga tushirdik. Endi uning yonidan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi  ham ochmoqchimiz. Bular uchun bizga imtiyozli kredit olishimizda amaliy yordam so‘rab, murojaat qildim. Tumanimiz hokimi hamda Qonunchilik palatasi deputati Aktam Xaitov amaliy yordam ko‘rsatishini aytishdi.

— Ko‘p yillar Rossiya davlatida ishlab, pulimga 10 ta tikuv mashinasini sotib olgandim, — deydi “Gulbahor” mahallasida yashovchi Husan Bobomurodov. — Tikuvchilik sexi ochmoqchiman. Buning uchun joyim bor. Ammo mahsulot olib, sexni ishga tushirish uchun 150 million so‘m atrofida imtiyozli kredit olishim kerak. Ushbu murojaatimni hal qilib beradigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar pista-bodom, shuningdek, issiqxonada poliz mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha yer-maydoni ajratilishi, ta’minotchi tashkilotlardan arzon uy-joy qurish uchun sarflagan mablag‘ini ololmayotgan tadbirkorlar yo‘l-yo‘riq so‘rashdi.

— Bugungi kunda Termiz tumanida tadbirkorlarning soni ancha ortgan, — deydi tuman hokimi Shuxratjon O‘rinov. — Misol uchun tumanda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarimiz tomonidan to‘lanadigan soliq miqdori 2017 yilga nisbatan bu yil 3 baravarga ko‘paygan. Bu tumanning iqtisodiy o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois ham biz bugun tadbirkorlik qilaman, degan barcha ishbilarmon doira vakillariga ko‘makdosh bo‘lishga harakat qilayapmiz.

Uchrashuv nihoyasida yig‘ilganlarga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi homiyligi asosida chop etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ochiq va yopiq usulda yetishtirish ilmiga doir qo‘llanmalar tarqatildi.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1264
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+