O‘zLiDeP vakillari vobkentliklarning murojaatlarini tingladi

28.02.2020, 16:20

O‘zLiDeP vakillari vobkentliklarning murojaatlarini tingladi

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan Vobkent tumanidagi “Charmgaron” MFYda sayyor qabul tashkil qilindi.

Sayyor qabulda shu hudud aholisining murojaatlari tinglandi. Qabulda murojaatlarning asosiy qismi ishga joylashish, yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi, qurilish sohasi hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash singari masalalar bo‘ldi.

—Tumandagi 23-maktab 1974 yilda qurilgan. Shu paytgacha biror marotaba ta’mirlanmagan, — deydi shu maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farhod Fayziyev. — Ayni paytda o‘quv muassasasining tom qismi va eshik-derazalari ta’mirtalab. Kelajagimiz vorislari ta’lim oladigan dargohni zamon talabiga mos bo‘lishida amaliy yordam bersangizlar, yaxshi bo‘lardi.

—Ikki nafar farzandim bor. 1-maktabgacha ta’lim tashkilotida 0.25 shtat birligida ishlayman. Oylik-maoshim 130 ming so‘m, — deydi Dilafro‘z Sattorova. — Meni qo‘shimcha ish bilan ta’minlashda ko‘maklashinglar, iltimos.

Yana bir murojaatchi — Ziyo ko‘chasida istiqomat qiluvchi otaxon Obid Tursunov esa o‘z ko‘chasidagi yo‘l ta’mir talabligidan shikoyat qildi. Qolaversa, nonvoyxona ochish uchun bo‘sh bino yoki yer maydoniga talab borligini aytib, shu muammolarni hal qilish lozimligini ta’kidladi.

Sayyor qabulda ko‘tarilgan barcha muammolar deputatlar nazoratiga olinib, yechimi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga so‘rovlar jo‘natildi.

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    771
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+