O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi hazorasplik 120 yoshni qarshi olgan Yoqitjon aya xonadonida bo‘ldi

28.02.2020, 17:41

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi hazorasplik  120 yoshni qarshi olgan Yoqitjon aya xonadonida bo‘ldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP  fraksiyasi a’zosi Nigora Qutlimuratova xalq bilan muloqot qilish, joylarda to‘planib qolgan masalalarni hal etish maqsadida xorazmlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Xalq vakilining Hazorasp tumanidagi Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasi mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida yoshlarga kengroq tushunchalar berildi. Shuningdek, parlament quyi palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

–Tumanimizda qadimiy qal’alar, tarixiy muzeylar ko‘p. “Tuyamo‘yin” muzeyidagi noyob ekspanatlar Xivadagi muzeylarda ham topilmaydi. Lekin ular qarovsiz ahvolda. Bugungi uchrashuvda men deputatimizga ichki turizimni rivojlantirish, tumanimizga sayyohlarni olib kelish va shu orqali iqtisodiyotimiz rivojiga hissa qo‘shish maqsadida mavjud muzeylarni ta’mirlash, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish lozimligi xususida o‘z taklifimni bildirdim, – deydi  G‘anijon Erkayev.

Muloqotlar davomida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularga imtiyozli kredit va bo‘sh yer maydoni ajratilishiga ko‘maklashish, tumandagi muzeylar faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali ichki turizmni rivojlantirish, tuman markaziy kutubxonasi hamda ko‘p tarmoqli sport markazlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirildi.
Xonadonlarimiz fayzi bo‘lgan nuroniylarimizning ibratli umr yo‘llari, purma’no hikmat va o‘gitlari har birimizni munosib hayot kechirishga undaydi. Shuning uchun ham xalqimizda keksalarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish bebaho qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. 

Saylovchilar bilan uchrashuvlar doirasida xalq noibi N.Qutlimuratova Hazorasp tumanidagi “Bahodir Matrizayev” mahallasida yashovchi 120 yoshni qarshi olgan Yoqitjon aya xonadonida bo‘lib, u bilan dildan suhbat qildi.

Deputat onaxon holidan xabar olar ekan, yoshi ulug‘ insonlarga alohida hurmat-ehtirom va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yosh avlodni ma’naviy kamolga yetkazishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Shu kuni xalq vakili bir guruh shifokorlar bilan birgalikda ushbu mahallada yashovchi 102 yoshli R.Sotiboldiyeva xonadonida ham bo‘lishib, onaxonni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.

“Bugun nuroniylar e’zozlangan, inson qadri sharaflangan diyorda yashayapmiz. Chunki bugun yurtimizda yoshi ulug‘larga alohida g‘amxurlik ko‘rsatilib, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mana, buning isboti. Og‘ichi, deputat qizimizning xonadonimizga kelib, biz bilan muloqot qilganidan, samimiy tilaklari bilan ko‘nglimni ko‘targanidan bexad   xursand bo‘ldim”, – deydi Rahima aya.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Qutlimuratovaning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    920
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+