Taraqqiyotga innovatsiyasiz erishib bo‘lmaydi

06.01.2018, 12:27

Taraqqiyotga innovatsiyasiz erishib bo‘lmaydi

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholi farovonligini tubdan oshirish va turmush sifatini yaxshilash, jamiyat va davlatni har tomonlama jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olingan. 

Rivojlanishning innovatsion modeliga to‘liq o‘tmasdan turib mazkur maqsadlarga erishishning iloji yo‘q. Bu vazifalar mamlakatda innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning hamda davlat bosh­qaruvi, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalda joriy qilishni rag‘batlantirishning samarali tizimini yaratish zaruratini taqozo etayotgan edi.

Shu yilning 22 dekabr kuni mamlakatimiz tarixiga unutilmas sahifa bo‘lib kirishiga shubha yo‘q. Chunki Prezidentimiz ilk marta parlament palatalariga Murojaatnoma taqdim etishi bugungi davr talablaridan kelib chiqildi, deyishga bizda to‘la asos bor.

Yurtboshimiz iborasi bilan aytganda, “Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi”.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 noyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatida ham zamonaviy sharoitlarda jahon fani va innovatsiya faoliyatining yutuqlaridan keng foydalanish, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini izchil va barqaror rivojlantirish, mamlakatning munosib kelajagini barpo etishning muhim omillari aks etgan.

Hozirgi kunda innovatsion texnologiyalar amalga oshirilayotgan mamlakatlar jahonda eng muvaffaqiyatli va barqaror hisoblanadi. Bunday davlatlarning barqaror taraqqiyoti, jahon bozorlarida raqobatbardoshligi tabiiy resurslarni eksport qilish va jismoniy mehnatdan foydalanishga emas, balki aynan innovatsion g‘oyalarni tizimli ravishda hayotga tatbiq etish sharofati bilandir.

Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, respublikamiz bu yo‘nalishda ham ulkan salohiyatga ega. Mamlakatimizda fan va texnologiyalarni rivojlantirish sohasida zarur infratuzilma barpo qilingan. Iste’dodli yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlarning ilmiy-nazariy ishlanmalari, amalga joriy qilingan g‘oyalari, kashfiyotlari xorijda ham e’tirof etilayotgani ma’lum. Muntazam o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazmalar, taqdimotlar yangi-yangi iste’dodlarni kashf etish imkonini bermoqda.

Qayd etish joizki, O‘zLiDeP tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yosh olimlar va mutaxassislar”, shuningdek, hamkorlar bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilgan “Startap­lar va investorlar” loyihalaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ham intellektual mulk sohiblarining butun salohiyati ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish, iqtidorli insonlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashdir. Lekin shu kabi tashabbuslar tizimlilik, tegishlicha miqyos kasb etmagani, manfaatdor idoralar, tashkilotlarning kuch va imkoniyatlari birlashtirilmagani ham ko‘zga tashlanayotgandi.

Prezidentimiz farmonida mufassal bayon qilinganidek, O‘zbekistonda innovatsiyalarni joriy etish ishlari tizimli asosda yo‘lga qo‘yilmagani, davlatning rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda zamonaviy fan va innovatsion texnologiyalarning yutuqlari va rivojlanish tendensiyalari lozim darajada kompleks tahlil qilinmasdan va o‘rganilmasdan kelingani, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni strategik prognoz qilish, qo‘llab-quvvatlash va joriy etishni, shuningdek, mamlakatning ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlaydigan yagona organ mavjud emasligi, innovatsion mahsulotlarni joriy etish uchun infratuzilmani takomillashtirishga yetarli e’tibor qaratilmagani va boshqa muammolar mamlakatimizning innovatsion rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan edi. Ushbu farmon bilan strategik rejalashtirish tizimini yaratish, davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini amalga kiritish, fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, huquqiy bazani takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy hayotning dolzarb sohalariga ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etish kabi mamlakat innovatsion rivojlanishining asosiy yo‘nalish­lari belgilandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilib, uning davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy rivojlanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohalaridagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qayd etildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston Respublikasining innovatsion va ilmiy-texnik rivojlanishi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ sanaladi. Yangidan tashkil etilgan Innovatsion rivoj­lanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘tkazilayotgan tadqiqotlar bo‘yicha hisobot berishning shaffof tizimidan foydalangan holda innovatsion g‘oyalar va ularni ishlab chiqishni moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbasi hisoblanadi.

Parlamentdagi O‘zLiDeP fraksiya­si a’zolari davlatimizning iqtisodiy taraqqiyotida fan va texnikaning yangi yutuqlari hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi, mazkur farmonning partiyamiz dasturiy g‘oya va maqsadlariga g‘oyat uyg‘unligini teran anglamoqdalar va ushbu hujjatni amaliy ishlar bilan qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqdalar. Xususan, partiyamiz vakillari ilmiy ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiluvchi “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilishida faol ishtirok etadi. Hozirda mazkur loyihalar bo‘yi­cha bildirilayotgan taklif va tavsiya­lar umumlashtirilmoqda.

Muhabbat TO‘XTAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1323
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+