Yurakdan aytilgan gaplar yuraklarga yetib bordi

06.01.2018, 17:01

Yurakdan aytilgan gaplar yuraklarga yetib bordi

Ushbu so‘zlarda hech qanday mubolag‘a yo‘q. Haqiqatan ham, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini bevosita Simpoziumlar saroyida tinglab, chin vatanparvarlik, o‘z xalqiga cheksiz mehr va samimiylikni yana bir bor yurakdan his etdim. Tarixiy tadbirning televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgani bois bu ma’ruzani Prezidentimizning nafaqat parlamentga, balki butun elimizga murojaati desam hecham adashmayman.

Murojaatnoma bitta maqsad yo‘lida barcha kuchlarni birlashtirish, xalqimiz turmush farovonligini yaxshilashga safarbar qilish xarakteriga egaligi bilan nafaqat parlament vakillarini balki, butun xalqimizni, xalqaro ekspertlarni ham befarq qoldirmadi. Ma’ruzada davlat va jamiyatimizning hozirgi holati xolisona, chuqur tahlillar asosida ochib berildi, hal etilishi kerak bo‘lgan masalalar ochiq so‘zlandi va kelgusidagi aniq vazifalar belgilandi.

Yurtboshimiz taklifi bilan 2018 yil mamlakatimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlandi. Barcha tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish 2 yilga to‘xtatildi. Bu ishbilarmonlarga g‘amxo‘rlik hamda ishonchning yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.

O‘zim ham ko‘p yillar tadbirkorlik bilan shug‘ullanganman. Shu sohani yaxshi biladigan inson sifatida aytishim mumkinki, tadbirkorga erkinlik, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratib berilmasa, u o‘zi o‘ylagan istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishdan cho‘chiydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlarga ana shunday imkoniyat yaratib berildi. Faqat buni ikki yil davomida xohlagan ishini qilishi mumkin yoki qonunga bo‘ysunmasa ham bo‘laveradi, deb tushunmaslik lozim. Avvalo, shuni yaxshi anglashimiz kerakki, mamlakatimiz rahbari yurt taraqqiyoti, ertangi kuni va xalqimiz turmush farovonligini aynan shu soha rivoji bilan bog‘layapti. Prezidentimiz qanchalik band bo‘lishiga qaramasdan, shaxsan o‘zi tadbirkorlarga qalqon bo‘lishi va doimiy nazorat olib borishini ta’kidladi. Ochig‘i, bunday tashabbus dunyo davlatchiligi amaliyotida kamdan-kam kuzatiladigan hodisa.

 Ushbu yuksak ishonchni dildan his etgan holda yurtboshimizning yonida turib, tadbirkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish partiyamiz va uning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi zimmasiga ham juda katta vazifa yuklaydi.

Biz deputatlar davlatimiz rahbarining dasturiy Murojaatnomasidan kelib chiqib, vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan aniq mexanizmlar ishlab chiqishda faollik ko‘rsatishimiz, partiyaning barcha bo‘g‘inlari bilan hamjihatlikda ish yuritib, tadbirkorlar manfaatini himoya qilishda faol va qat’iy bo‘lishimiz shart. Sohaga doir qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan hujjat sifatida qabul qilish, bu borada kichik biznes vakillari, qolaversa, xalqimiz fikr va mulohazalari, takliflarini inobatga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirimiz kerak.

Davlatimiz rahbari xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish, ayollar orasida o‘z joniga qasd qilish kabi noxush vaziyatlarga qarshi turish haqida gapirar ekan, partiyamizning “Ayollar qanoti” bilan birgalikda ko‘proq izlanishimiz, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishimiz lozimligini his qildim. Ayol qachon hayotdan beziydi? Qachonki e’tibordan chetda qolsa, ko‘makka muhtoj bo‘lsa. Shu bois opa-singillarimizni partiyaviy loyihalar orqali qamrab olib, hayot tashvishlari oldida bardam bo‘lishlari uchun dalda berish va tadbirkorlikka o‘rgatish mazkur muammoning amaliy yechimiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi shubhasiz.

 Klara JUMAMURATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1167
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+